Sky Sports telekanali Angliya Premyer-ligasi tarixidagi eng yaxshi markaziy himoyachilar juftliklari reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatni tuzishda futbolchilarning birgalikda o‘tkazgan bahslari soni, har bir o‘yinda o‘tkazib yuborilgan o‘rtacha gollar, darvozasi daxlsiz saqlangan bahslar hamda g‘alabalar foizi hisobga olingan.
Reytingda birinchi o‘rinni «Arsenal» safida to‘p tepgan Martin Kioun va Toni Adams egalladi. Ular APL doirasida birgalikda 151 ta bahsda maydonga tushgan. Ushbu juftlik har bir o‘yinda o‘rtacha 0,71 ta gol o‘tkazib yuborgan, bahslarning 51 foizida darvozasi daxlsizligini saqlagan va 52 foizida g‘alaba qozongan.
Ikkinchi pog‘onadan «Manchester Yunayted» vakillari Rio Ferdinand va Nemanya Vidich joy oldi. Ular 134 ta bahsda birga harakat qilgan, o‘rtacha 0,72 ta gol o‘tkazib yuborgan va o‘yinlarning 69 foizida g‘alaba qozongan.
Kuchli uchlikni «Chelsi»ning Jon Terri va Rikardu Karvalyu juftligi yakunladi. Ular birgalikda 102 ta bahsda maydonga tushgan. Ushbu uchlikdagi eng yaxshi natija — darvozasi daxlsiz saqlangan o‘yinlar bo‘yicha 54 foiz va g‘alabalar bo‘yicha 72 foiz ko‘rsatkich ham aynan ularga tegishli.
Kuchli o‘ntalikdan hozir ham faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar juftliklari ham joy olgan. «Arsenal» himoyachilari Uilyam Saliba va Gabriel Magalyayns 113 ta bahs, har bir o‘yinda o‘rtacha 0,79 ta o‘tkazib yuborilgan gol hamda 70 foizlik g‘alaba ko‘rsatkichi bilan yettinchi o‘rinni egalladi.
«Liverpul» vakillari Virjil van Deyk va Joel Matip 72 ta bahsda birga o‘ynab, to‘qqizinchi pog‘onadan joy oldi. Ular har bir o‘yinda o‘rtacha 0,81 ta gol o‘tkazib yuborgan va 71 foiz bahsda g‘alaba qozongan.
Kuchli o‘ntalikni «Liverpul»ning yana bir juftligi — Jeymi Karrager va Sami Hyupya yakunladi.