Live
4
O'zbek

Aspilikueta 36 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunladi

Futbol
22 may, 05:40
Himoyachi ta'sirli maktub yozib, o'zi o'ynagan 5 ta klubga minnatdorchilik bildirdi.
Aspilikueta 36 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunladi
Foto: Getty Images

«Sevilya» himoyachisi Sesar Aspilikueta bu mavsum uning professional faoliyatidagi so'nggisi bo'lishini ma'lum qildi.

Ispaniyalik futbolchi faoliyatini «Osasuna»da boshlagan, keyin «Marsel», «Chelsi» va «Atletiko» jamoalarida o'ynagan. Uning so'nggi klubi «Sevilya» bo'ldi.

36 yoshli himoyachining faoliyatidagi asosiy davr — «Chelsi»dagi 11 yil bo'lib, u London klubida 500 dan ortiq o'yin o'tkazdi va 9 ta sovrinni qo'lga kiritdi. Ular orasida YCHL, ikki karra APL g'olibliligi, Yevropa Ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o'rtasidagi jahon chempionati ham bor.

Sesar, shuningdek, Ispaniya milliy jamoasi tarkibida 44 ta o'yin o'tkazgan.

«Aziz futbol, bugun sen bilan bo'lishmoqchiman: bu mavsum men uchun professional futbolchi sifatidagi so'nggisi bo'ladi. Orzumda yashagan shuncha yillardan so'ng hayotimda yangi sahifa ochish vaqti kelganini his qilyapman.

Rostini aytsam, bu lahzaga o'zimni tayyorlagan bo'lsam ham, ushbu maktubni yozish men uchun juda qiyin bo'ldi. 20 mavsum davomida mening faoliyatimda ko'plab insonlar muhim rol o'ynadi.

Bolaligimda Pamplonada maktabdosh do'stlarim bilan birinchi marta to'p tepganimda, oldimda qanday ajoyib sayohat kutganini tasavvur ham qilolmasdim. Har bir lahza uchun minnatdorman: g'alabalar, og'ir mag'lubiyatlar, sinovlar va eng muhimi — uchratgan insonlarim hamda orttirgan do'stlarim uchun.

Jamoa do'stlarim, murabbiylarim va men o'ynagan barcha klublarning har bir xodimiga — menga har kuni inson va futbolchi sifatida o'sishga yordam berishgani uchun rahmat.

«Osasuna», «Marsel», «Chelsi», «Atletiko» va «Sevilya» liboslarini kiyish hamda mamlakatimni yirik turnirlarda namoyish etish men uchun katta sharaf bo'ldi. Har bir lahza men uchun juda qimmatlidir»
, — deb yozdi Aspilikueta X ijtimoiy tarmog'ida.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Chelsi Chelsi
  • Atletico Madrid Atletico Madrid
  • Sevilya Sevilya
  • Ispaniya La Ligasi Ispaniya La Ligasi
  • Angliya Premer-ligasi Angliya Premer-ligasi
Bugungi yangiliklar