«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta hujumchi Viktor Dyokereshning London klubidagi kelajagi haqidagi savolga javob berib, shvetsiyalikning hech qayerga ketmasligini ma’lum qildi.
«Ha, Gokeresh qoladi», - deya Artetaning so‘zlarini keltiradi jurnalist va insayder Fabritsio Romano X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ma’lumot uchun, 28 yoshli shvetsiyalikka Madridning «Atletiko» klubi qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, Viktor argentinalik Xulian Alvaresning londonliklar safiga o‘tishi bo‘yicha kelishuv doirasida Ispaniya jamoasi safiga yo‘l olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Viktor Gokeresh 2025-yilning iyulidan buyon London klubida to‘p tepmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2030-yil 30-iyunga qadar mo‘ljallangan. 2025/2026-yilgi mavsumda hujumchi «kanonirlar» safida barcha musobaqalarni inobatga olganda 55 ta o‘yinda maydonga tushib, 21 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Transfermarkt portali hujumchining aktual transfer narxini 65 million yevroga baholamoqda.