Bugun
98
O'zbek

Arteta «Arsenal»ning to‘rtinchi divizion klubidan mag‘lub bo‘lishi haqida: «Bu juda qayg‘uli kun»

Futbol
27 oktabr, 23:30
    11
Londonliklar Liga kubogi nimchorakfinalida «Flitvud»ga penaltilar seriyasida yutqazib, musobaqani tark etdi.
Arteta «Arsenal»ning to‘rtinchi divizion klubidan mag‘lub bo‘lishi haqida: «Bu juda qayg‘uli kun»
Foto: Getty Images
27.10.2026 AP Angliya Liga kubogi Fleetwood Fleetwood (5) 1 : 1 (3) Arsenal Arsenal

«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Liga kubogi nimchorakfinalida to‘rtinchi divizion vakili «Flitvud»dan uchralgan mag‘lubiyat va musobaqadan chiqib ketish haqida fikr bildirdi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi, penaltilar seriyasida esa mezbonlar 5:3 hisobida g‘alaba qozondi.

«Avvalo, keyingi bosqichga chiqqani bilan «Flitvud»ni tabriklayman. Ular bunga o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib erishdi. Biz uchun bu juda qayg‘uli kun. Futbolchilarning o‘yinga bo‘lgan munosabatidan hech qanday e’tirozim yo‘q. Bu darajada talab qilinadigan vazifalarni bajarmagan birorta futbolchini ko‘rmadim», — dedi Arteta.

Murabbiy «Arsenal» to‘pga ko‘proq egalik qilgani, ko‘plab vaziyatlar yaratgani va darvoza tomon ko‘p zarbalar yo‘llaganini ta’kidladi. Biroq uning fikricha, penaltilar seriyasigacha yetib bormaslik uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish kerak edi.

«Biz bunday imkoniyatlarni golga aylantira olmadik. Futbolning mohiyati ham shunda. Kubok musobaqalarida jamoalar imkoniyatlari ko‘pincha tenglashadi, ayniqsa raqib oldinga chiqib olib, tashabbusni o‘z qo‘liga olganida. Butun bahs davomida ularga deyarli hech qanday imkoniyat bermadik, o‘zimiz esa ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik, ammo ulardan foydalana olmadik. Oxir-oqibat, hammasini mayda tafsilotlar hal qiladi», — deya Artetaning so‘zlarini keltiradi Sky Sports.

Ispaniyalik mutaxassis mag‘lubiyatni futbolchilarning yetarlicha harakat qilmagani yoki g‘alaba qozonishga intilmagani bilan izohlash mumkin emasligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa klub sha’nini munosib himoya qilishi shart.

«Gap o‘yinga bo‘lgan munosabatda emas. Aks holda, hozir bu yerda g‘azablangan holda turgan bo‘lardim. Men xafaman, hammamiz xafamiz. Klub ramzini munosib himoya qilishimiz kerak. Fidoyilik, mehnat yoki g‘alaba qozonish istagi bilan bog‘liq muammo bo‘lmadi. Shunchaki, ishonchliroq natijaga erishish uchun yana nimadir yetishmadi. Maydonda ko‘rsatgan o‘yinimiz hisobda ham aks etishi kerak edi», — dedi bosh murabbiy.

Ma’lumot uchun, «Flitvud» va «Arsenal» o‘rtasidagi bahsda mezbonlar 21-daqiqada Loupalo-Bi tomonidan kiritilgan gol evaziga hisobni ochdi. Viktor Goekeresh 50-daqiqada muvozanatni tikladi. Asosiy vaqt durang bilan yakunlangach, penaltilar seriyasida «Flitvud» ustun keldi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Fleetwood Fleetwood
  • Arsenal Arsenal
  • Angliya Liga kubogi Angliya Liga kubogi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

11 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar