Portugaliya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Manishe hujumchi Krishtianu Ronaldu faoliyatini 29 yoki 30 yoshida yakunlashi mumkin bo‘lganini aytdi. Uning fikricha, portugaliyalik yulduz o‘sha vaqtdayoq moliyaviy barqarorlikka erishgan va Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan bo‘lsa-da, futbolga bo‘lgan ishtiyoqi sabab maydonda qolishni tanlagan.
«40 yoshida ham futbol o‘ynash uchun nihoyatda professional bo‘lish va o‘z kasbingga chuqur hurmat bilan yondashish kerak. Bunga faqat omad orqali erishib bo‘lmaydi. U yosh futbolchilar uchun namuna: faqat pul haqida o‘ylamaslik, cho‘qqiga chiqish uchun ko‘plab ishlarni to‘g‘ri bajarish kerak», — deya Manishening so‘zlarini keltiradi FourFourTwo.
Sobiq yarimhimoyachining ta’kidlashicha, Ronaldu 29 yoki 30 yoshidayoq faoliyatini yakunlash uchun yetarlicha asosga ega bo‘lgan. Biroq hujumchining raqobatga bo‘lgan muhabbati va eng yaxshi bo‘lish istagi uni futbol o‘ynashda davom etishga undagan.
«U 29 yoki 30 yoshida faoliyatini yakunlashi mumkin edi, chunki o‘sha paytdayoq moliyaviy jihatdan to‘liq ta’minlangan va Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgandi. Ammo u raqobatlashishni, o‘zidan bor kuchini chiqarishni va yulduz bo‘lishni yaxshi ko‘radi. U dunyodagi eng yaxshi futbolchi bo‘lishni va odamlar u haqida gapirishini yoqtiradi. Bu uning shaxsiyatining bir qismi», — dedi Manishe.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu hozirda Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubida to‘p tepmoqda. U Portugaliya milliy jamoasi safida ham faoliyatini davom ettirmoqda.
Telegram’da birinchi bo‘lib fikr bildiring
Muhokamaga o‘tishIzohlar Telegram’da ochiladi