«Arsenal» hujumchisi Viktor Gokersh qishki transfer oynasida jamoani tark etishi mumkin. Bu haqda Caught Offside xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, shvetsiyalik forvard London klubidagi hozirgi rolidan norozi. Futbolchiga «Milan», «Yuventus», «Al Ahli» va «Al Ittihod» klublari qiziqish bildirmoqda.
Biroq «Arsenal» Gokershni sotishga shoshilmayapti. Klub hujumchini faqat uning o‘rniga yangi markaziy forvard sotib olingan taqdirda qo‘yib yuborishga tayyor. Shu sababli qishki transfer oynasida jamoaning hujum chizig‘idagi rejalar Gokershning kelajagiga bevosita ta’sir qilishi mumkin.
Gokersh ushbu mavsumda barcha musobaqalar doirasida beshta bahsda maydonga tushdi, biroq hozircha samarali harakatlari bilan ajralib turmadi.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali 27 yoshli hujumchining bozor qiymatini 65 million yevroga baholamoqda. Gokersh «Arsenal» safiga o‘tganidan keyin asosiy tarkibdagi o‘rnini mustahkamlash uchun kurashmoqda.