Angliya Premyer ligasi klublari «Manchester Siti» kelasi mavsumda turnirda ishtirok etmasligiga ishonmoqda. Bunga klubning moliyaviy qoidalarni buzish bo‘yicha ishi sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Sky Sports xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, APL klublari «shaharliklar» mustaqil komissiya tomonidan 100 ta band bo‘yicha moliyaviy qoidalarni buzganlikda ayblanganini hisobga olib, jamoaning kelasi mavsumdagi ishtiroki borasida pessimistik qarashda.
APLdagi boshqa klublar o‘z manfaatlarini himoya qilishi tabiiy ekani qayd etilgan. Shu bilan birga, ular maqomidan qat’i nazar, barcha klublar liga qoidalariga birdek rioya qilishi kerak, degan fikrda. Raqib klublar «Manchester Siti»ni ko‘p yillar davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun faqat bir mavsumga jazolash yetarli emas, deb hisoblamoqda.
Vaziyat «shaharliklar» ish bo‘yicha ayblovlarni bekor qildirish maqsadida ishni yuqori instansiyalardagi sudlarga olib chiqishi mumkinligi sabab yanada murakkablashmoqda. Bu esa APLdagi boshqa klublarning xavotirini kuchaytirmoqda.
Manbaga ko‘ra, raqib klublar ushbu jarayon Angliya Premyer ligasining obro‘si va yaxlitligiga zarar yetkazayotganidan xavotirda. Ular Manchester klubi sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun yetarlicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olmayapti, deb hisoblamoqda.
Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» moliyaviy qoidalarni buzish bo‘yicha mustaqil komissiya tomonidan 100 ta band bo‘yicha ayblangan. Ish bo‘yicha yakuniy jazo hozircha belgilanmagan.