Turinning «Yuventus» klubi rasmiy saytida yarimhimoyachi Artur Melo jamoani tark etganini rasman e’lon qildi. Tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra, bitimni muddatidan avval bekor qilishdi. Braziliyalik endilikda erkin agentga aylandi.
«Arturning shartnomasi har ikki tomonning kelishuviga ko‘ra, bekor qilindi. Unga kelajakda omad tilaymiz!» — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Melo «Gremio» klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Futbolchi 2010 - 2018-yillar mobaynida braziliya klubi tizimida to‘p tepgan. Bundan tashqari, u «Barselona», «Liverpul» va «Fiorentina» klublari safida harakat qilgan. O‘tgan mavsum Melo «Gremio» safida ijara asosida to‘p tepdi.
«Yuventus» safida 30 yoshli xavbek umumiy hisobda 63 ta o‘yinda (1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatma yetkazib berdi) maydonga tushgan.
Transfermarkt portali xavbekning aktual transfer narxini 4 mln yevroga baholamoqda.