Proligada ham kurash qizg'in tus olgan. Superligani ko'zlagan jamoalar o'rtasidagi raqobat ham keskin kechmoqda. O'tgan turda markaziy o'yin maqomida ostida «Sho'rtan» - «Kattaqo'rg'on» o'yini bo'lib o'tdi va unda mezbonlar 1:0 hisobida g'alaba qozondi.
Xabaringiz bo'lsa, «Kattaqo'rg'on» o'z oldiga qo'yilgan maqsadiga erishish yo'lida bosh murabbiyni ham o'zgartirgan. Yorqin Nazarov o'rniga rossiyalik Yuriy Utkulbayev taklif qilingan. Uning boshchiligida klub hozircha 3-o'rinni egallab turibdi. Peshqadamdan 9 ochko, 2-o'rindagi jamoadan esa 3 ochko ortda qolmoqda.
Oldinda «Kattaqo'rg'on»ni 21-avgust kuni o'z maydonida «G'azalkent»ga qarshi uchrashuv kutmoqda. Xo'sh, Yuriy Utkulbayev jamoasi bilan o'z oldiga qo'yilgan vazifani bajara oladimi? O'tgan turda asosiy raqobatchilaridan biriga mag'lubiyatga uchrash albatta yoqimsiz. Endi murabbiy jamoasini yanada ruhlantirishi kerak bo'ladi. «Kattaqo'rg'on» ustoz esa bir qator savollarga javob qaytardi.
- Yuriy Anvarovich, avvalo o'yin borasida nima deya olasiz?
- Menimcha, ochkolar jadvalida ham teng bo'lgan ikki jamoa uchrashdi. O'yin golga qadar davom etdi, desak bo'ladi. Biz o'z imkoniyatimizdan foydalana olmadik, mezbonlar esa o'z imkoniyatini golga aylantirdi. Mening butun fikrim shu.
- Besh nafar himoyachi bilan o'ynadingiz. Maqsad durangni saqlab qolishmidi?
- Biz doimo shu tarzda o'ynaymiz. Bungacha ham har doim besh nafar himoyachi bilan o'ynab kelganmiz.
- Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar jamoa o'yinini qay darajada o'zgartira oldi? Ular jamoaga qanchalik yordam berdi, o'yinning borishiga qanchalik ta'sir ko'rsatdi?
- Barcha almashitirishlar yaxshi ishladi.
- Oldingi o'yinda ham mag'lub bo'ldingiz. Umuman, o'yinlardan kelib chiqib, qaysi jamoa sizlar uchun noqulayroq raqib bo'ldi?
- Noqulay raqib? Ikki oy oldingi o'yinni nazarda tutyapsizmi? Bu yaqinda bo'lgan, deganimi? Ikki oy oldin bir jamoaga qarshi o'ynaganmiz. Hozir u jamoa qanday bo'lgani, qanday o'ynaganimiz esimda ham yo'q. Lekin buning farqi yo'q. Jamoa qaysi hududdan ekani biz uchun ahamiyatsiz. Biz har bir o'yinda g'alaba uchun harakat qilamiz. Bugun turli sabablarga ko'ra buning uddasidan chiqa olmadik. Bu sabablarni tahlil qilib chiqamiz.
Shuning uchun biz jamoalarni «qulay» va «noqulay» deb ajratmaymiz. Ular qaerdan ekani, bizga yaqin yoki uzoq joylashgani muhim emas. Turli stadionlarda o'ynayapmiz. Baribir hammasi O'zbekistonda. Shuning uchun barcha jamoalarga qarshi o'ynash kerak.
- Vagiz Galiulin mavsum oxirigacha futbolchi sifatida faoliyatini davom ettiradimi yoki murabbiylar shtabiga qo'shildimi? U mavsum oxirigacha futbolchi sifatida o'ynaydimi yoki yakunda uni murabbiylar shtabiga jalb qilmoqchimisiz?
- Vagiz Galiulin futbolchi sifatida protokolga kiritilgan. Ha, u mashg'ulot jarayonida ham bizga yordam beryapti. Chunki u hurmatga sazovor, obro'li futbolchi, milliy jamoada o'ynagan. Biz uni murabbiylar shtabiga ham jalb qilyapmiz. U bizga yordam beradi, jumladan, o'yinlarning o'zida ham ishtirok etadi. Har bir matbuot anjumanida shu savol beriladi. Bir marta tushuntirib qo'yish kerak, hamma tushunib olsin. Bu savol ularga juda qiziq.
- Rejani o'yin davomida qay darajada amalga oshira olyapsiz?
- Jamoaning taktikasini, rejalarimiz haqida batafsil gapirish — juda uzoq suhbat. Bu qisqa, blits-savolga javob beradigan mavzu emas, deb o'ylayman. Agar futbol haqida batafsil o'tirib gaplashish kerak bo'lsa — nimani xohlaganimiz, qanday o'ynaganimiz haqida — bu juda uzoq jarayon.
Biz bu yerga g'alaba uchun kelgan edik. Raqib to'pga ko'proq egalik qilishini tushunardik. Bu tajribali jamoa ekanini, ko'plab futbolchilari Superligada o'ynaganini bilardik. Shunga mos ravishda o'yin uchun taktik reja tuzdik va u 80-daqiqagacha ishladi. Keyin, 85–86-daqiqalarda juda oddiy vaziyatlarda bir-ikkita xatoga yo'l qo'ydik. To'pning raqib hujumchisiga juda omadli tarzda qaytib kelishi ham ularga qo'l keldi. Vaholanki, bundan besh-yetti daqiqa oldin bizda juda yaxshi imkoniyat bo'lgan edi. Agar o'sha vaziyatda gol urganimizda, o'yin o'sha daqiqadaoq tugagan bo'lardi. Bu — futbol. Nimadir ishlaydi, nimadir ishlamaydi. Lekin oxir-oqibatda har doim kuchliroq va g'alabaga ko'proq munosib bo'lgan jamoa yutadi.
Yuriy Utkulbayev: «Biz jamoalarni 'qulay' va 'noqulay' deb ajratmaymiz»
Eksklyuziv
19 avgust, 10:41
«Kattaqo'rg'on» ustoz Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
Фото: Каттақўрғон ПФК