Live
4
O'zbek

«Verder» klubi sobiq murabbiyi futboldan ketib, «Makdonalds»ga ishga kirdi

Futbol
15 avgust, 03:54
Sobiq murabbiy Aleksander Nuri futbolni tark etib, biznes sohasida faoliyatini davom ettirishga qaror qildi.
«Verder» klubi sobiq murabbiyi futboldan ketib, «Makdonalds»ga ishga kirdi
Foto: Gettyimages

Bremenning «Verder» va Berlinning «Herta» klublari sobiq murabbiyi Aleksander Nuri futbolni tark etib, biznes sohasida faoliyatini davom ettirishga qaror qildi.

46 yoshli mutaxassis "Makdonalds" tarmog‘ining franshizalarini boshqarish bilan shug‘ullanadi, bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.

2026-yil boshidan Nuri tarmoqning ikkita restorani boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi va iyul oyida uchinchi restoran ham sobiq murabbiyga ishonib topshirildi.

Yaqin o‘tmishda Bundesliga jamoasini boshqargan sobiq murabbiyi qo‘l ostida 150 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ta’kidlanishicha, Nuri bungacha oshxonada ishlash va grilda burger pishirishni o‘z ichiga olgan to‘liq o‘quv kursini tamomlagan.

Qiziqarli tomoni, Nuri murabbiylik bo‘yicha litsenziyani Yulian Nagelsman bilan bir guruhda olgan.

Ma’lumot uchun, Nuri «Verder»dagi faoliyati bilan keng ommaga tanilgan — u 2016-yilda o‘rinbosarlar jamoasidan ko‘tarilib, asosiy jamoa boshqaruviga kelgan. Uning boshchiligida klub mag‘lubiyatsiz 11 o‘yinlik seriya qayd etgan, biroq 2017-yil oktyabr oyida natijalar yomonlashgani sababli mutaxassis iste’foga chiqarilgan.

Shundan so‘ng Nuri «Ingolshtadt»da ishlagan, «Herta»da Yurgen Klinsmanga yordamchilik qilgan. Uning murabbiy sifatidagi so‘nggi ish joyi esa Gretsiyaning «Kavala» klubi bo‘lib, u yerdan 2022-yilda ketgan.

Nuri futboldan ketish qarori puxta o‘ylangan va oqilona bo‘lganini, Yurgen Klinsman va Gregg Berhalter bilan ishlash davomida orttirgan boshqaruv tajribasi esa hozirgi biznesini yuritishda yordam berayotganini qayd etadi.

Bugungi yangiliklar