UEFA FIFA prezidenti Janni Infantinoning iste’fosiga erishishni maqsad qilgan.
The Telegraph xabariga ko‘ra, agar Infantino o‘z ixtiyori bilan lavozimini tark etmasa, UEFAga a’zo barcha 55 ta milliy assotsiatsiya unga nisbatan ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday tashabbusni ilgari surish uchun esa UEFAga atigi 43 ta a’zo federatsiyaning ovozi kifoya qiladi.
Manbaga ko‘ra, UEFA Infantinoning obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan alohida reja ustida ham ishlamoqda. Qizig‘i shundaki, bu loyiha bir vaqtlar Infantinoning o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan.
Xabarda aytilishicha, Zepp Blatter atrofidagi korrupsiya mojarosi davrida Infantino UEFAda faoliyat yuritar ekan, tashkilotni FIFAdan uzoqlashtirish va muqobil jahon futbol tuzilmasini yaratish bo‘yicha maxfiy reja tayyorlagan. O‘sha loyiha rasman amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, endi UEFA xuddi shunday choralarni Infantinoning o‘ziga qarshi qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, UEFA avvalroq FIFAning Jahon chempionati va boshqa musobaqalar tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi ortidan tashkilot rahbariyatiga ishonch bildirmasligini rasman e’lon qilgan edi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi