UEFA FIFAning Jahon chempionati va boshqa musobaqalar tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasidan voz kechganini olqishladi.
Tashkilot rasmiy bayonotida ushbu taklif UEFAga a’zo milliy federatsiyalar, shuningdek, dunyoning boshqa konfederatsiyalari tomonidan bir ovozdan rad etilgani ta’kidlandi.
UEFA futbol muxlislari, ligalar, klublar, futbolchilar va futbol tashkilotlariga mazkur tashabbusga qarshi chiqqani uchun minnatdorlik bildirib, futbol sotilmasligini yana bir bor eslatdi.
Shu bilan birga, Yevropa futbol ittifoqi FIFA rahbariyatini keskin tanqid qildi.
«FIFAning amaldagi rahbariyati nafaqat UEFA, balki futbol oilasining ko‘plab a’zolari ishonchini ham yo‘qotdi», — deyiladi bayonotda.
UEFA yaqin haftalarda boshqa konfederatsiyalar bilan birgalikda yuz bergan voqealarni tahlil qilish va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yangi mexanizmlar ishlab chiqishini ma’lum qildi.
Shuningdek, tashkilot FIFA prezidenti Janni Infantino 2016 yilda bergan shaffoflik va FIFA mablag‘larini futbol rivoji yo‘lida ishlatish haqidagi va’dalarini bajarmaganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, FIFA avvalroq Jahon chempionati tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasidan rasman voz kechgan edi. UEFA esa ushbu qarorni «butun futbol uchun g‘alaba» deb baholadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi