«Navbahor» Namanganda «Lokomotiv» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi va g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida namanganliklar bosh murabbiyi Temur Kapadze ishtirok etdi.
— Assalomu alaykum. Albatta, qiyin uchrashuv bo‘ldi. Kutilganidek, chunki «Lokomotiv— yaxshi jamoa. Lekin, albatta, alamli durang bo‘ldi. Raqib bitta epizoddan foydalanib ketdi. U ham, albatta, individual mahorat evaziga bo‘ldi. Boshqa jiddiy imkoniyatlari ham yo‘q edi. Bizda esa yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Foydalanamiz, deb o‘ylagandik. 1:0 hisobida ham imkoniyatlarimiz bo‘lgan, undan oldin ham vaziyatlar bo‘ldi. Shunchaki, menimcha, ulardan foydalanish kerak edi. 1:0 baribir qandaydir xatarli hisob edi. Shu, boshqa gapim yo‘q. Chunki har tomonlama, g‘alaba qozonishimiz kerak edi va bunga haqli ham edik. Menimcha, o‘yinda ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Afsuski, bitta epizodda «konsentratsiya»ni yo‘qotib, gol o‘tkazib yubordik. Shuning uchun durang alam qildi. Albatta, muxlislarga rahmat aytaman. Kelib, biz qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga katta rahmat.
— Tеmur Toxiyevich, avvalo, oyning eng yaxshi murabbiyi bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Endi yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish ham nasib qilsin. Oldingi o‘yinlarda vingerlar to‘pni olib, faollik ko‘rsatishardi. Bugun esa buni ko‘rmadik. Ular o‘yindan kelib chiqib, o‘zlari shunday qaror qabul qilishdimi?
— Birinchidan, rahmat. O‘ylaymanki, bu sovrin nafaqat meniki, balki butun jamoamizniki. Muxlislarimizniki ham, rahbariyatniki ham, jamoaniki ham, shtabniki ham. Chunki unga barchamiz birgalikda erishdik. Ikkinchidan, yo‘q, bunday ko‘rsatma bo‘lmagan. Albatta, vaziyatdan kelib chiqib harakat qilish kerak edi. Birinchi bo‘limda Muhammadali Usmonov yaxshi o‘ynamay qoldi. Umuman, o‘yini tushmadi, o‘yinga kirisha olmadi. Ayrim epizodlarda yaxshiroq harakat qilsa bo‘lardi. Umuman olganda, albatta, ikki-uch nafar futbolchimizdan bugungi o‘yinda kutganimizni ololmadik. Bilmadim, balki charchoq alomatlari ham bordir. Chunki uch kun oldin Kubok o‘yini bo‘lgan edi. «Lokomotiv» baribir tetikroq ekani ko‘rinib turdi. Ular ko‘p o‘ynamagan, tayyorgarlik uchun ham yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan. Bizda esa bu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt juda qisqa edi. Shunga qaramay, buni tushungan holda maydonga chiqdik. Lekin futbolchilar, menimcha, oxirigacha kurashishdi. Imkoniyatlar bo‘ldi, vaziyatlarimiz ham bo‘ldi, faqat ularni samarali yakunlay olmadik. Qolganini, albatta, ko‘rib chiqamiz, tahlil qilamiz. Futbolchilarga qaysi epizodlarda qanday xatolarga yo‘l qo‘yganini tushuntiramiz. Umuman olganda, raqib jamoa ham qayerdadir imkoniyat berdi, qayerdadir bermadi.
— Ko‘plab jamoalar mavsum boshida bir xil taktika va bir xil o‘yin uslubi bilan mavsumni boshlab, raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, bir xil futbol namoyish etishadi. Sizda esa turli taktik sxemalar va har xil o‘yin uslublarini ko‘ryapmiz. Bu jamoangizga qiyinchilik tug‘dirayotgandek ko‘rinadi. Shu haqda fikringiz qanday?
— Yo‘q, bizda unchalik katta o‘zgarish yo‘q. Shunchaki, raqib jamoadan, ularning tuzilishidan kelib chiqib, kuchsiz tomonlaridan foydalanishimiz kerak. Qayerdadir o‘xshayapti, qayerdadir o‘xshamayapti. Albatta, har xil raqiblar kelyapti, har xil uslubda o‘ynayapti. Shuning uchun biz ham qayerdadir o‘sha uslubga moslashish yoki samaraliroq o‘ynash uchun o‘zgarishlar qilayotgandirmiz. Albatta, o‘yin boshida Asadbek Rahimjonovni yo‘qotganimiz ham o‘ziga yarasha yoqimsiz holat bo‘ldi. Umuman olganda, ishlaydigan joylarimiz bor, oldinga ketadigan yo‘llarimiz ham bor. Harakat qilishimiz kerak, qolgani bo‘ladi. Uslub — eng asosiysi emas. Gʻalaba uchun nima kerak bo‘lsa, shuni qilishga harakat qilamiz.
— O‘yin davomida Husayn Norchayev va jamoadoshlari o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga keldi. O‘sha epizod haqida gapirsangiz.
— O‘sha epizodda, albatta, yoqimsiz holat bo‘ldi. Husayn o‘sha vaziyatda pas bersa, balki yaxshiroq bo‘lardi. Bilmadim, o‘rtalarida qandaydir gap-so‘z bo‘lganmi. O‘ylaymanki, bu masala hal bo‘ldi. Endi, hujumchilarni aytishadi-ku, ozgina xasis bo‘lish kerak, deb. Lekin o‘sha epizodda, menimcha, pas bergani yaxshiroq bo‘lardi. Balki u o‘zi zarba berib, gol uraman, deb o‘ylagandir. O‘sha soniyalarda sodir bo‘layotgan narsani bizga turib gapirish oson. Lekin, albatta, ayrim epizodlarda yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi.
— Bugun Husayn Norchayev uzoq masofadan gol urdi. Futbolchilarga uzoq masofadan darvozaga zarba berish bo‘yicha ko‘rsatma beriladimi?
— Yo‘q, albatta. Har bir o‘yinda zarbalar bo‘ladi. Qayerdadir raqib imkoniyat beradi, qayerdadir bermaydi. Shunga qarab imkoniyat bo‘ladi va zarba beriladi. Bu hech qanday muammo emas. Biz qanotlardan ham, markazdan ham zarba berishimiz kerak. O‘sha epizodlarda raqib imkoniyat bermagan bo‘lsa-da, baribir imkoniyatlarimiz bor edi. O‘sha vaziyatlarda oxirigacha foydalanishimiz, oxirigacha kurashishimiz va bu o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashimiz kerak edi. Mayli, peshonamizda shunday durang bor ekan. Bunga ham shukr qilamiz va ishlashda davom etamiz. Albatta, hech qanday muammo yo‘q, bu — futbol. Har bir o‘yinni bir tekisda o‘tkazish, albatta, oson emas. Biz o‘zi so‘nggi ikki-uchta uchrashuvda ancha kuch yo‘qotdik. Qayerdadir jarohatlar ham bor, mayda jarohatlar ham bor. Hammasini, albatta, inobatga olamiz. Shuning uchun «Lokomotiv» bugun tetikroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin «juda tetikroq edi», deyish qiyin. Menimcha, 90 daqiqa davomida baribir biz ularga qaraganda yaxshiroq o‘ynadik.
— Asadbek Rahimjonovning jarohat olishi ham o‘yinga ta’sir qildimi?
— Albatta, rejalarimiz o‘zgardi. Chunki biz baribir ma’lum bir reja asosida maydonga chiqqan edik. Asadbek nima qilishi kerak, boshqasi nima qilishi kerak — shularda ozgina o‘zgarish bo‘ldi, lekin unchalik katta o‘zgarish emas. Zaxirada o‘yinchilarimiz bor, ular bir-birini to‘ldirib turadi. Shunchaki, o‘yin boshida shunday holat yuz bergani, albatta, yoqimsiz bo‘ldi.
— Jarohat jiddiy emasmi?
— Burchak to‘pida urilib ketdi. Endi qanchalik jiddiy yoki jiddiy emasligini bilmadim. Ko‘ramiz.
— «Lokomotiv»ning bugun ochko olgani omad hisobiga bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi yoki…
— Ko‘proq raqib futbolchisining individual mahorati desa ham bo‘ladi. Kutilmaganda yaxshi zarba berdi, albatta. Lekin o‘sha epizodgacha olib kelmaslik uchun ham qayerdadir yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi. Albatta, himoyachimiz Azamat yaxshiroq harakat qilishi kerak edi. Oddiy vaziyatda u epizodni boy berdi va raqib futbolchisi kirib ketdi.
Albatta, bu futbolda bo‘lib turadigan narsa. Balki uzoq masofadan bo‘lgani uchun shunday zarba kirib ketgandir. Gol kirishi kerak bo‘lgan zarba kirdi, muammo yo‘q. Biz shunchaki ko‘proq gol urishimiz kerak edi. Imkoniyatlarimiz bor edi. 1:0 hisobida ham imkoniyatlar bo‘ldi, 1:1 paytida ham qayerdadir gol urish mumkin edi.
Bu — futbol. Qayerdadir xotirjamlik, qayerdadir tetiklik yetishmadi. Uch kun oldin hissiyotlarga boy o‘yin o‘tkazgan edik. Shuning uchun, albatta, o‘ziga yarasha jihatlar bor. Lekin bu bizning g‘alaba qozonishimizga xalaqit bermasligi kerak edi. Bu o‘yinda g‘alaba qozonishimiz, uni o‘z foydamizga hal qilishimiz mumkin edi.
— Yana bitta sof hujumchini maydonga tushirish imkoniyati bor edimi?
— Almashtirishlar shunday bo‘ldi, o‘zingiz ko‘rdingiz. Men o‘yinni kuzatayotgan edim. Bu yerda Umar ham, Diyop ham o‘tgan o‘yinda ancha katta hajmdagi ishni bajargan edi. Shuning uchun ularda yangi kuch qolmagan edi. Raqibning zaxiradan tushgan futbolchilari baribir o‘yinni biroz kuchaytirdi. Bizda esa charchagan futbolchilar ko‘p edi. Ular allaqachon charchagan edi. Chunki biz yana hujumda o‘yinni o‘z foydamizga hal qilishimiz kerak edi, lekin himoyani ham o‘ylashimiz kerak edi. Umuman olganda, Husayn tetik edi. Albatta, imkoniyatimiz bo‘lganida yana bir hujumchini ham tushirgan bo‘lardik. Lekin shunday vaziyat yuzaga keldiki, boshqa pozisiyani to‘ldirishimiz kerak bo‘ldi», - deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.