Bugun
215
O'zbek

Ro‘ziqul Berdiyev: «Qarshi hujumlar va standart vaziyatlarda yaxshi o‘ynaganimiz g‘alabani asosiy omili bo‘ldi»

Eksklyuziv
5 sentabr, 04:59
«Nasaf» bosh murabbiyi «Neftchi»ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Ro‘ziqul Berdiyev: «Qarshi hujumlar va standart vaziyatlarda yaxshi o‘ynaganimiz g‘alabani asosiy omili bo‘ldi»
Фото: Насаф ПФК

Turning markaziy uchrashuvida «Nasaf» Qarshida «Neftchi»ni qabul qildi va amaldagi chempion hamda peshqadam bo‘lib turgan raqibini chinakamiga nokautga uchratdi. 6:2 – bunday katta hisob kuzatilishini hech kim kutmagandi. Ammo «Nasaf» buni uddaladi. Uchrashuvdan keyin g‘olib jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.

- Muxlislarimizni uzoq kutilgan g‘alaba bilan tabriklaymiz. Ular bilan birgalikda muhim g‘alabaga erishdik. Kuchli raqibni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdik, bu albatta juda yoqimli. Barchaga g‘alaba muborak bo‘lsin. O‘yin boshidan hujumda ishlarimiz yurishgani uchun muhim g‘alabaga erishdik. Bu bizga yengillik berdi. Ikkinchi raqam bo‘lib o‘ynadigu, ammo qarshi hujumlarda va standartlarda yaxshi harakat qildik va bu g‘alabani asosiy omillaridan biri bo‘ldi.

- Shala charchab qoldimi yoki jarohat oldimi?

- O‘yinlarimiz har 4-5 kunda bo‘lyapti. Barcha o‘yinlarda o‘ynayotgani uchun toliqish bo‘ldi. Yengil jarohat ham bo‘ldi. Uni almashtirishga majbur bo‘ldik. Bundan tashqari, Murod ham yengil jarohat oldi. O‘ylaymanki, jarohati jiddiy bo‘lmaydi.

- «Nasaf»ni ketma-ket mag‘lubiyatlaridan keyin bugungi uchrashuvga «nastroy» qilish qiyin bo‘lmadimi?

- Har bir o‘yinga maksimal harakat qilyapmiz. Yutqazgan uchrashuvlarimizda ham yigitlarga e’tiroz yo‘q edi. Faqat qayerdadir omadimiz yurishmadi. Balki ba’zi uchrashuvlarda bugungidek ruhiy tayyorgarlik kam bo‘lgandir. Ammo futbolchilar har bir bahs uchun bor kuchi bilan harakat qilishayotgandi. Aytib o‘tganimdek, bu safar hujumdagi ishlarimiz yaxshi boshlangani uchun o‘yinimiz oson kechdi.

- Yechinish xonasida futbolchilarni qanday so‘zlar bilan ruhlantirdiniz?

- Bu o‘yinlarga ruhiy tayyorgarlikni aynan tayyorgarlik jarayonlaridan olib boramiz, faqat yechinish xonasida emas. Ko‘rsatma berganimizdan keyin birinchi navbatda ruhiy holati yaxshi bo‘lishi kerak. Jamoada xohish va ishtiyoq katta bo‘lsa, har qanday raqib bilan va mana bugun ko‘rsatdikki, istalgan jamoani mag‘lubiyatga uchratishimiz mumkin. Ruhiy tayyorgarlik juda muhim jihati. Biz va muxlislarimiz uchun ham g‘alaba juda zarur edi. Yigitlarni ichki xissiyoti, tayyorgarlik a’lo darajada edi. Kuchli raqibni, chempion jamoani mag‘lubiyatga uchratishni yigitlarimiz juda xohlashgandi. O‘z-o‘zidan futbolchilarda ruhiy tayyorgarligi a’lo darajada edi.

- «Nasaf»ga kelgan aksariyat jamoalar yopiq o‘ynashadi. «Neftchi» ochiq futbol o‘ynagani uchun jazolandimi?

- Bu bizga yengillik tug‘diradi. Oldingi uchrashuvlarda, autsayderlar bilan jamoa chuqur himoyalanib olsa biz juda qiynalamiz. Shu bois bizga hujumkor jamoa bilan o‘ynash ma’qulroq. Raqib qanchalik hujumga berilsa, biz uchun bo‘sh hududlar bo‘ladi va bizga foyda bo‘ladi. Futbolchilar bunga moslashgan va tezkor. Shuning uchun raqib hujum qilsa, bizga qulaylik tug‘diradi.

- Klub rahbariyatida o‘zgarish bo‘ldi. O‘yin oldidan futbolchilarga munosib rag‘batlantirish aytilgani uchun ham shunlay o‘yin chiqdimi yoki boshqa sabab bormi?

- Qachon rahbariyatimizda o‘zgarish bo‘ldi?

- Alisher Qodirov klub prezidenti bo‘ldi-ku…

- Alisher Qodirov yil boshidan klub prezidenti hisoblanadi. Aytib o‘tishim kerak, viloyat hokimi va boshqa sektor rahbarlari boshchiligida jamoani har qanday muammosiga yechim topib berilyapti. Shu sababli ularga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Rahbariyatimiz jamoa kayfiyatini ko‘tarishga bor kuchi bilan harakat qilyapti. Shu bois har uchrashuvda maksimal harakat qilyapmiz. Jamoa oldidagi qarzdorlik masalalari yechilib bormoqda.

- Gruziyalik futbolchida ortiqcha vazn sezmadingizmi?

- Ortiqcha vazn emasu, moslashishi biroz cho‘zilyapti. «Qizilqum» bilan uchrashuvda unga to‘liq imkoniyat berdik. Abbos bilan bitta pozisiyada. Oxirgi uchrashuvlarda Abbos Gʻulomov yaxshi o‘ynayapti, shu sababli u asosiy tarkibda», - deya Ro‘ziqul Sa’dullayevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar