Bugun
215
O'zbek

Anvar Gʻofurov: «Neftchi» bunday mag‘lubiyatdan keyin bor alamini bizdan olishga harakat qiladi, bu normal holat»

Eksklyuziv
5 sentabr, 02:46
«Surxon» bosh murabbiyi «Bunyodkor»ga qarshi o‘yindan so‘ng oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Anvar Gʻofurov: «Neftchi» bunday mag‘lubiyatdan keyin bor alamini bizdan olishga harakat qiladi, bu normal holat»
Фото: Сурхон ПФК

«Surxon» klubi «Bunyodkor»ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 1:0 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yindan so‘ng termizliklar ustozi Anvar Gʻofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Assalomu alaykum. Qiziqarli o‘yin bo‘lishini aniq bilgandim. Ikkita jamoaga ham ochko kerak. Ko‘plab jamoalarda muammolar bor. To‘qnash keldik, bugun. Ikkala jamoada muammolar bor... Bunga qaramasdan, yaxshi o‘yin ko‘rdik, deb o‘ylayman. Vaziyatga boy bo‘ldi. Men «Bunyodkor»ni bilaman, ularning DNKsini bilaman. Bu yerda qaysi tarkib tushmasin, yaxshi futbol ko‘rsatadi va shunga harakat qilishadi, hech bo‘lmasa. Yaxshi futbol ko‘rsatgan. Bizning futbolchilar ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Ularga kattadan-katta rahmat. Juda katta mehnat qilishdi, juda ko‘p kuch berishdi, bu o‘yinga. Ular ham bizga qanchalik ochko zarurligini bilishardi va buning uddasidan chiqishdi. Ularga kattadan-katta rahmat.

Biz muxlislarga, Termizdan kelib, bizni shuncha «podderjka» qilib, qo‘llaganlari uchun rahmat aytamiz. Men o‘ylaymanki, ular ham xursand bo‘lib, uyga qaytishadi xotirjam, o‘z oilalarining yoniga. Katta rahmat. Bolalarga, barcha yigitlarga kattadan-katta rahmat o‘yin uchun.

- Bunga qadar uchta o‘yinda jamoangiz gol urmagandi. Asosiy hujumchi ketgach, o‘rni qanchalik bilinyapti? Hujumchi qanchalik yetishmayapti?

- Statistika gapiryapti, bu aniq, menimcha, juda ko‘p jamoalarda muammo bor, bu muhim muammo. Baribir o‘sha kerakli joyda maydon ham o‘z so‘zini aytadi-da. Mana, yaxshi stadionda gol urdik. Olmaliqda o‘ynaganimizda qanaqadir sal notekislik bor edi va sal namroq edi. Lekin yetarlicha vaziyatlar yaratyapmiz. Mirjalol Qoshoqovich aytganlaridek, juda ko‘p vaziyat yaratyapmiz, ammo oxirgi nuqtaga... Bu o‘yinda ham o‘ylaymanki, yetarli vaziyatlar yaratdik. Ammo lekin shu oxirgi nuqtani qo‘yadigan hujumchi hozircha yo‘q-da. Ha, yoshlar bor, ammo ularga ham vaqt kerak. Ular agar har bitta vaziyatdan unumli foydalanayotgan bo‘lganida, bizda o‘ynamasdi, balki chet elda o‘ynayotgan bo‘lardi. Ishlashda davom etamiz. Shu bilan futbol qiziq, balki yangi biror qaysi hujumchini kashf qilarmiz.

- O‘zbekiston Kubogidan «Surxon» kutilmaganda tark etdi. Shundan keyin tayyorgarlik qanaqa kechdi? Kutilmagan natija bo‘ldimi?

- Kutilmagan... Kimgadir shunday tuyulishi mumkin. Men iltimos qilaman, bizning o‘yinni va «Buxoro» bilan bo‘lgan o‘yinni ko‘rsanglar, juda yaxshi shakllangan jamoa, bu. Guruh bosqichida, «Buxoro» bu jamoaga yutqazdi. «Buxoro» har bitta o‘yinga astoydil tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoalardan biri. Ularga ro‘para keladigan jamoaning o‘zi yo‘q. Mana bu o‘yinga tayyorgarlik. O‘yin borasida u boshqa savollar. Lekin har bitta futbolchi o‘yinning boshidan oxirigacha borini berishga tayyor. «Buxoro» shunday kollektiv qilinganki, avval «Bavariya»ni aytishar edi-ku, mashina. Xuddi shundaydek. Ular juda, juda yaxshi jamoa. Lekin birinchi liga klubini kimdir mensimayapti-da. Bizda ham o‘sha vaziyatlar bor edi. Lekin biz o‘z vaziyatlarimizni oxirigacha yetkaza olmadik.

Bu futbol, qanaqa klublar yutqazmaydi? O‘sha «Real Madrid» ham o‘tgan yilmi, bu yilmi, o‘sha kubokda birinchi liga jamoasiga yutqazdi. Shaning uchun shu bilan futbol qiziq. Biz albatta, xohlagandik, borimizni bergandik. Bolalar borini berdi. Biroq vaziyatdan unumli foydalanmaslik shunday bo‘ladi.

- Shaxsan bosh murabbiy tomonidan biroz mensimaslik bo‘lmadimi?

- Yo‘q, yo‘q. Bor futbolchilar maydonga tushdi. Ularga qachondir imkoniyat berish kerakki, mana bizlar hozir bitta tarkib bilan o‘ynab boryapmiz-da, ularga ham dam berish kerak. Bu yigitlarga ham ishonishimiz kerak. Iloji yo‘q. Agar bu bolalarga ishonmasak, o‘nta o‘yin mana bular o‘ynasin, asosiy tarkib o‘ynab kelsin. Keyin o‘n birinchi o‘yinda biror kim jarohat olishi mumkin. Qizil kartochka, sariq kartochka yoki to‘rtta yig‘ilib qolishi mumkin. Uni o‘rniga boshqa futbolchi chiqaraman desam, kimga to‘g‘ri keladi? Yana shu yoshroq bolalarga, to‘g‘rimi? U bolani men maydonga chiqarganimdan keyin, unga bir narsa gapirganimdan keyin, u menga — endi, lekin menga emas, balki o‘zining xayolida o‘ylashi mumkin: «U menga o‘nta o‘yin o‘ynashga bermadi, hozir bitta o‘yinda katta narsa talab qilyapti...» Bu ham noto‘g‘ri. Biz ularga ham imkoniyat berishimiz, ishonishimiz kerak. Ha, beshta barmoq hammasi bir xil emasdir. Baribir harakat qilib, ularga ishonch bildiryapmiz. Ha, yutqazdik, harakat qilgandik. Lekin vaziyatlarimiz bor edi. Agar har bitta vaziyatdan gol uradigan jamoa bo‘lsa agar.

- Birinchi bo‘limda 12 ta burchak zarbasi bo‘ldi. Ikkinchi taymda standartlar kam bo‘ldi. O‘yinga tushgan Yusupov zo‘r to‘p uzatdi. Fikringiz bo‘yicha, qanchalik darajada o‘yinga qo‘shildi?

- Aytyapman-ku, biz har bitta futbolchiga ishonishimiz kerak. Bu yosh bolalar. Lekin ularga asta-sekin imkoniyat berishimiz kerak. Agar ular maydonga chiqmasa, PlayStationʼda o‘ynab o‘rganadimi? Maydonga chiqishi kerak, xato qilishi kerak. U xatolarni biz ko‘rib chiqishimiz, tushuntirishimiz kerak.
Biz to‘g‘ri tushunishimiz kerak: bular ham inson, bular ham xato qiladi. Katta-katta yulduzlar ham xato qiladi. O‘sha agar xato bo‘lmasa, hech kim gol urolmasdi. Vaziyatlarga keladigan bo‘lsak agar, o‘sha burchak zarbalari... Qandaydir vaziyat yaratyapmiz va o‘sha darvozaga kirishimiz kerak. Ammo ular ham har bitta jamoaga o‘xshab o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolishga harakat qiladi, borini berib. Ha, ikkinchi taymda yoshlar tushdi. Hozir ular haqida gapirsam, bizda kelasi o‘yinlar bor, tayyorlanib ko‘rish kerak. Ular bizga kerak.

Kimdir o‘zini-o‘zi yulduz qilib yuborishi mumkin, o‘sha narsalardan ehtiyot bo‘lish kerak. Har bitta futbolchi maydonga tushib, o‘zining kerakli narsasini qilyapti, bajaryapti. Shundan xursandmiz, mamnunmiz.

- Keyingi o‘yin «Neftchi» bilan. Ular Qarshida yirik hisobda yutqazishdi. Jamoangizga qarshi o‘yin oldidan «Neftchi»ni bunday mag‘lubiyatiga qanday reaksiya bildirasiz?

- Bu hisobdan keyin bor alamini bizdan olishga harakat qiladi. Bu normal holat, bu birinchi marta uchraydigan narsa emas. O‘zini hurmat qilayotgan yaxshi jamoalar, agar mag‘lubiyat bo‘lsa agar, kelasi o‘yinda borini berib, muxlislar oldida yuzini yorug‘ qilishga harakat qiladi. Lekin bizni yo‘nalishimiz, o‘zimizning jamoamiz va niyat qilgan joylarimiz bor, harakat qilishimiz kerak yuqoriroq, oldinroq o‘rinda yurishga. Shunga harakat qilamiz.

Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, har bitta jamoani hurmat qilaman, qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’iy nazar. Ammo o‘zimizning yo‘limiz bor va shu yo‘ldan boramiz», - deya Gʻofurovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar