Italiya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Luchano Spalletti zamonaviy futbolning o‘zgarishi va futbolchilar uchun muhim bo‘lgan jihatlar haqida fikr bildirdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘yinda to‘g‘ri fikrlash va ruhiy tayyorgarlik katta ahamiyat kasb etadi.
«Futbolchi uchun nima muhimroq: texnikami yoki kayfiyatmi? Agar fikringiz tiniq bo‘lsa, siz tayyorsiz. Biroq aynan hammasi nazorat ostida deb o‘ylagan paytingizda yashirin xavf paydo bo‘ladi. Periferik ko‘rish futbolchiga ustunlik beradi, chunki u voqealar rivojini oldindan taxmin qilish imkonini yaratadi», — dedi Spalletti.
Italiyalik murabbiy zamonaviy futbol avvalgidan ancha o‘zgarib ketganini qayd etdi. Uning fikricha, hozir maydondagi pozitsiyalar va vazifalar doimiy ravishda o‘zgarib turadi.
«Bugungi o‘yin — tartibsizlik. Avval mo‘ljallar aniq edi: chap markaziy himoyachi, qanot himoyachisi va muayyan pozitsiyalar mavjud edi. Hozir esa bo‘sh hududlar doim paydo bo‘ladi va yo‘qoladi, futbolchilar esa o‘z rollari va vazifalarini almashtirib turadi», — deya Spallettining so‘zlarini Tuttosport keltirdi.
Spallettining fikricha, futbolchilar o‘rtasidagi farq to‘pning harakatini kuzatish bilan cheklanmaydi. Eng kuchli futbolchilar to‘pning keyingi harakati qanday oqibatlarga olib kelishini oldindan anglay olishi bilan ajralib turadi.