Bugun, 21 may kuni Saudiya Proligasida mavsumning so'nggi 34-tur o'yinlari yakunlanadi.
Chempionlik masalasi hal qilinadi. Toshkent vaqti bilan soat 23:00da «An Nasr» klubi «Damak»ni qabul qiladi. «Al Hilol» mehmonada «Al Fayyha» bilan kuch sinashadi.
Turnir jadvalidagi holat
Hozirda 33 ta turdan so'ng Jezu boshchiligidagi «An Nasr» 83 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. «Al Hilol» esa 81 ochko to'plagan. Jamoalarning farqli tomoni shundaki, Inzagi jamoasi birorta ham bahsda mag'lub bo'lmagan.
24 ta bahsda g'alaba qozonib, 9 bor durang qayd etgan. «An Nasr» esa 27 ta bellashuvda muvaffaqiyat qozonib, 2 bor durang o'ynagan. 4 bor mag'lub bo'lgan. To'plar ko'rsatkichlari bo'yicha «An Nasr»da yaxshi ko'rsatkich bor.
Ronaldu yana sovrinsiz qoladimi?
Portugal futbolchisi «An Nasr» bilan 14 ta sovrinni boy berdi. Bu albatta juda katta ko'rsatkich hisoblanadi. O'tgan haftada Osiyo Chempionlar ligasi 2 finalida ham «Gamba Osaka»ga yutqazib qo'ydi. OAV finalning eng yomon futbolchisi sifatida aynan Ronalduni ko'rsatdi.
Bugungi bahsda Riyod klubiga oson bo'lmaydi. Negaki, «Damak» ham ligada qolish uchun kurashmoqda. Hozirda 29 ochkosi bor va 15-pog'onada bormoqda. 16-o'rindagi «Ar Riyod»dan ikki ochkoga ilg'orlab ketgan. Bugun liga bilan xayrlashuvchi 3-jamoaga ham oydinlik kiritiladi.
Ko'rinib turibdiki, «Damak» mehmonada harakat qilishiga qaramay, peshqadamga intriga taklif qiladi. Bu esa Riyod klubiga qo'shimcha bosim o'tkazishi ham hech gap emas. Chunki Ronaldu jamoasida ruhiy tomondan ham muammolar bo'lishi mumkin. «Al Hilol»ga qarshi bahsda so'nggi soniyalarda avtogol evaziga g'alabani boy berdi. Aks holda jamoa muddatidan oldin chempionlikni tantana qilishi mumkin edi. Keyinchalik OChL 2 finalida alamli tarzda yutqazib qo'ydi. Xullas, barchasi Ronaldu va uning jamoasining zarariga ishlagandek go'yo.
So'nggi imkoniyat. Ronaldu va uning jamoasi bundan qanchalik unumli foydalanishini ko'rish qiziq.
Bugungi o'yinlar ro'yxati:
23:00. An Nasr — Damak
23:00. Al Fayha — Al Hilol
23:00. Al Ittihod — Al Qodisiya