Bugun
22
O'zbek

Siyavash Haqnazari: «Bu faoliyatimdagi eng chiroyli gol emas»

Eksklyuziv
6 sentabr, 08:52
Eronlik futbolchi Tribuna.uz uchun eksklyuziv interyu berdi.
Siyavash Haqnazari: «Bu faoliyatimdagi eng chiroyli gol emas»
Фото: ОКМК

Superliganing 20-turidagi juftliklardan biri OKMK – «Xorazm» qarama-qarshiligi bo‘lib, bellashuvda maydon egalari 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Uchrashuvdagi yagona gol OKMKning eronlik futbolchisi Siyavash Haqnazari hisobiga yozildi. U raqib darvozasiga chiroyli to‘p kiritdi. O‘yindan keyin ushbu o‘yinchi Tribuna.uz jurnalistining savollariga javob berdi.

- Siyavash, avvalo, g‘alaba bilan tabriklaymiz! «Xorazm»ga qarshi uchrashuv haqida qanday fikrdasiz?

- Rahmat. Albatta, o‘yin oson kechmadi. Menimcha, muxlislarga uchrashuv yoqdi. Bizga esa uch ochko juda zarur edi. Xudoga shukr, g‘alabani qo‘lga kirita oldik.

- Siz uchrashuv qahramoniga aylandingiz — maydon markaziga yaqin masofadan juda chiroyli gol urdingiz. O‘sha vaziyatni qanday tasvirlab bergan bo‘lardingiz? Darvozabonning xatoga yo‘l qo‘yishi mumkinligini kutganmidingiz? Zarbangiz gol bo‘lishiga qanchalik ishongan edingiz?

- Rostini aytsam, bu na qiyin zarba, na murakkab qaror edi. To‘p menga juda qulay tezlikda keldi — na juda qattiq, na juda sekin. Menga faqat ortiqcha harakatlarsiz zarba berishning o‘zi kifoya edi.

- Bu faoliyatingizdagi eng chiroyli gol bo‘ldimi yoki undan ham ta’sirliroq deb hisoblaydigan boshqa gollaringiz ham bormi?

- Bu faoliyatimdagi eng chiroyli gol emas. Masofa uzoq bo‘lgani uchun chiroyli ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Lekin aytganimdek, zarbaning o‘zi unchalik qiyin emasdi.

- Futbolchilik faoliyatingizga nazar tashlasangiz, o‘zingiz urgan eng chiroyli gollar orasida uchtasini ajratib ko‘rsata olasizmi?

- Bundan oldin urgan va o‘zimga ko‘proq yoqadigan gollarim ham bor (kuladi).

- Mirjalol Qosimov futbolchilar vaziyatlar yaratayotganini, ammo jamoada ulardan unumli foydalanish borasida muammolar borligini ta’kidladi. Futbolchi sifatida siz nima deb o‘ylaysiz: jamoa nega yaratilayotgan imkoniyatlarni golga aylantirishda qiynalmoqda?

- Uning fikriga qo‘shilaman. Menimcha, biz chempionatda har bir o‘yinda gol urish uchun eng ko‘p vaziyat yaratadigan jamoalardan birimiz. Ammo yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalana olmayapmiz. Bu borada har bir mashg‘ulotda ishlayapmiz. Shuningdek, psixologik tomon ustida ham ish olib boryapmiz. Ishonamanki, bu muammoni ham tez orada hal qilamiz.

- O‘zbekiston Superligasida qaysi jamoaning o‘yinlarini kuzatish sizga ko‘proq yoqadi?

- Hozir chempionatdagi aksariyat jamoalar zamonaviy futbol o‘ynashga, sifatli futbol namoyish etishga harakat qilmoqda. Shuning uchun xayolimda alohida bir jamoa yo‘q. Ammo jasorat bilan, hujumkor futbol o‘ynaydigan jamoalarning uchrashuvlarini kuzatishni yaxshi ko‘raman.

- OKMKning salohiyati va hozirgi darajasini hisobga olgan holda, jamoa chempionatni qaysi o‘rinda yakunlashi kerak, deb o‘ylaysiz?

- OKMK so‘nggi yillarda doimo kuchli beshlikda bo‘lib kelgan. Bu jamoaning xarakteri va barqarorligini ko‘rsatadi. Bu mavsumda ham xuddi shunday bo‘ladi, deb o‘ylayman. Maqsadimiz aniq — qaysi raqibga qarshi o‘ynashimizdan qat’i nazar, har bir uchrashuvda bor kuchimiz bilan g‘alaba uchun harakat qilamiz. Menimcha, yakunda kim qanday natijaga erishganini mavsum oxirida ko‘rsatgani ma’qul.

Bugungi yangiliklar