Shu yilning iyul oyida Otabek Axadov Janubiy Koreyaning «Key liga 2» chempionatiga ko‘chib o‘tgandi. 21 yoshli iqtidorli himoyachi shu tariqa faoliyatida yangi sahifa ochdi.
Bilsangiz, bunga qadar u Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubi sharafini himoya qilib keldi. Endilikda esa Koreya chempionatida faoliyatini boshladi. «Pusan» ayni paytda musobaqa jadvalida 6-o‘rinda bormoqda. Kuni kecha legionerimiz Tribina.uz nashri uchun intervyu berdi.
- Otabek, Janubiy Koreyaning «Pusan» klubiga o‘tishingizda eng asosiy tashabbuskor kim bo‘ldi?
- «Pusan» klubiga o‘tishimda men uchun eng katta yordam bergan insonlar — agentim, oila a’zolarim va birinchi murabbiyim, akam Bahriddin Rahmonqulov bo‘ldilar. Ular doimo meni qo‘llab-quvvatlab, faoliyatimda to‘g‘ri qarorlar qabul qilishimga yordam berib kelishgan Albatta, men uchun ham Koreyada o‘zimni sinab ko‘rish va yangi bosqichga chiqish juda qiziq edi.
- 21 yoshingizdayoq legionerga aylandingiz va bu siz uchun tavakkalchilik emasmi?
- Albatta, 21 yoshda legioner bo‘lish katta qadam va ma’lum ma’noda tavakkalchilik ham. Koreya chempionatida raqobat yuqori, futbol uslubi ham biznikidan farq qiladi. Shuning uchun bu yerda har kuni o‘z ustimda ishlab, tajriba orttirib, yanada kuchli futbolchi bo‘lishni maqsad qilganman.
- Hozircha Key liga 2 da bitta o‘yinda maydonga tushdingiz, kubokda esa ikkita o‘yinda o‘ynadingiz. Ammo chempionatda oxirgi turlarda «zayavka»ga kiritilmayapsiz. Buning sababi nimada?
- Hozircha chempionatda bir nechta o‘yinda va kubokda maydonga tushishga muvaffaq bo‘ldim. Men Koreya futboliga endi moslashyapman va bu jarayonda vaqt kerakligini tushunaman. Shuning uchun hozir asosiy e’tiborim — mashg‘ulotlarda yaxshi ishlash, kamchiliklarim ustida ishlash va imkoniyat berilganda undan maksimal darajada foydalanish.
- Koreya futboli, madaniyati va hayotiga moslashishingiz qanday kechyapti? Kimlar ko‘proq bu borada yordam berishyapti?
- Koreya futboli, madaniyati va hayotiga moslashish jarayoni men uchun yaxshi kechyapti. Albatta, yangi davlat va yangi muhit bo‘lgani uchun boshida ozgina qiyinchiliklar bo‘ldi, ayniqsa til masalasida. Lekin kundan-kunga ko‘proq moslashib boryapman. Bu borada jamoadoshlarim, murabbiylar shtabi va klub xodimlari menga katta yordam berishyapti. Ayniqsa, tarjimonimning yordami juda katta.
- Demak, ingliz tilida gaplashyapsizmi?
- Til masalasi hozircha men uchun eng katta qiyinchiliklardan biri. Koreys tilini hali yaxshi bilmayman. Ingliz tilida esa oddiy muloqot qila olaman, lekin asosan jamoada tarjimon orqali muloqot qilyapman. Hozir koreys tilini o‘rganishga jiddiy e’tibor beryapman. Ayniqsa, futbolda kerak bo‘ladigan so‘zlar va murabbiylarning ko‘rsatmalarini tushunishga harakat qilyapman.
- Klub siz uchun qanday sharoitlarni yaratib bergan va u yerdagi sharoitlar, infratuzilma bilan «So‘g‘diyona»dagi sharoit va infratuzilma o‘rtasida qanchalik farq bor?
- «Pusan» klubi men uchun juda yaxshi sharoitlarni yaratib bergan. Bu yerda futbolchining asosiy vazifasi — faqat futbol haqida o‘ylash va o‘z ustida ishlash uchun barcha imkoniyatlar bor. «So‘g‘diyona»da ham men uchun juda yaxshi sharoitlar yaratilgan va u yerda katta tajriba orttirdim.
- Koreya chempionatidagi faoliyatingizdan ko‘zlangan asosiy maqsadingiz qanday?
- Koreya chempionatidagi asosiy maqsadim — o‘zimni bu yerda yaxshi tomondan ko‘rsatish, tajriba orttirish va professional darajamni yanada oshirish. Lekin eng katta orzum va asosiy maqsadim — O‘zbekiston milliy jamoasi safida o‘ynash. Buning uchun Koreyada har kuni o‘z ustimda ishlab, har bir mashg‘ulot va har bir o‘yindan maksimal foydalanishim kerak. Milliy jamoaga chaqirilish uchun munosib darajaga chiqish va yurtim sharafini himoya qilish — men uchun eng katta maqsad.
- U yerda sizni nima hayron qoldiryapti?
- Koreyada meni eng ko‘p hayron qoldirayotgan narsa — odamlarning intizomi va futbolga bo‘lgan professional munosabati. Bu yerda hamma narsa aniq reja asosida tashkil qilingan, vaqtga juda jiddiy qarashadi. Futbolda esa mashg‘ulotlardagi yuqori intensivlik va tezlik menda katta taassurot qoldirdi.
«Koreyada o‘zimni sinab ko‘rish va yangi bosqichga chiqish men uchun qiziq edi» - Otabek Ahadov
Eksklyuziv
7 sentabr, 05:30
Kuni kecha legionerimiz Tribina.uz nashri uchun intervyu berdi.
Фото: Getty Images