Kuni kecha «Paxtakor» himoyachisi Shahzod Azmiddinov Quvaytning «Al Salmiya» klubiga transfer qilindi. Endilikda ushbu o‘yinchi bir mavsum davomida Quvayt premer-ligasida faoliyat olib boradi. Hozirda «Al Salmiya» musobaqa jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi.
Azmiddinov esa bor e'tiborini yangi klubiga qaratadi. Quvaytga borib, «Al Salmiya» ixtiyoriga qo‘shilgach, futbolchi bu boradagi ilk intervyusini Tribuna.uz nashriga berdi.
- Shahzod, siz endi Quvayt chempionatida to‘p tepasiz. «Al Salmiya» klubidan ilk taklif qachon bo‘lgandi va bu siz uchun kutilmagan taklif bo‘ldimi?
- «Al Salmiya» klubiga birinchi davradan keyin keldim. Rost, bu taklifdan hayron bo‘ldim. Chunki bunga qadar «Paxtakor»da deyarli o‘ynamadim. Faqat zaxiralardan maydonga tushib, umumiy hisobda yarim soatcha to‘p tepdim, xolos. Shu bois ushbu taklifni kutilmaganda bo‘ldi, deya olaman.
- Quvayt chempionatiga ketishingizning eng asosiy sababi nima bilan bog‘liq?
- Eng asosiy sababi murabbiy bo‘ldi. Chunki o‘tgan yili «Andijon» tarkibida OCHL 2 musobaqasi doirasida Bahraynda «Al Khaldiya» jamoasiga qarshi o‘ynaganimizda hozirgi murabbiy aynan «Al Khaldiya» bosh murabbiyi edi. Meni yoqtirib qolgan ekan va keyin meni Quvaytga chaqirdi.
- Quvaytliklar sizni sotib olishdimi yoki ijaraga oldimi? Shartnoma muddati qancha?
- Yo‘q, ular meni sotib olishmadi. «Paxtakor» meni bu klubga bir yilga ijaraga berdi. Xudo xohlasa, yaxshi o‘ynab o‘zimni ko‘rsatsam, keyingi mavsumga sotib olib, meni olib qolishlari mumkin.
- «Paxtakor»dan ketmasangiz bo‘lmasmidi?
- «Paxtakor»dan ketmasam bo‘lmasdi. Negaki, u yerda meni o‘ynatishmasdi. Shuning uchun ham ketishga qaror qildim.
- Kamoliddin Tojiyev boshqarayotgan paytda siz avvaliga «Andijon»da, keyin esa mana Quvaytga ketdingiz. Bosh murabbiy sizga qanchalik ishonardi va munosabatingiz qanday edi?
- Hammaning murabbiyini o‘ziga yoqadigan o‘yinchilari bo‘ladi. Kamol akaga meni o‘yinim mos tushmagan bo‘lishi mumkin yoki xarakterim to‘g‘ri kelmagandir. Lekin biz Kamol aka Tojiyev bilan yaxshi munosabatdamiz. Lekin aytganimdek, qaysidir sifatlarim yoqmagan bo‘lishi mumkin. Hech qachon murabbiyning qaroriga qarshilik qilmayman. Shuning uchun ham o‘tgan yili «Andijon»ga ketdim, keyin u yerdan kelib yana olti oydan so‘ng endi «Al Salmiya»ga o‘tdim. Murabbiyga qaysidir jihatlarim yoqmasligim mumkin. Shu bois Kamol aka Tojiyev qo‘l ostida o‘ynay olmadim.
- «Al Salmiya»da sizni qanday qarshi olishdi? U yerdagi sharoitlar qanday?
- Jamoa zo‘r kutib oldi. Dastlab tanishuv mashg‘uloti bo‘ldi. Endi bugundan mashg‘ulotlarga kirishamiz. Bir so‘z bilan aytganda, hamma narsasi yaxshi. Yaxshi joylashib oldim. Endi o‘zimni ko‘rsatib, yaxshi natijalarga erishishga harakat qilamiz.
- Ketishdan avval Quvayt futboli haqida qanday ma'lumotlarga ega bo‘ldingiz?
- Menda bu boradagi ma'lumotlar u qadar ko‘p emasdi. Faqat Instagram orqali kuzatib turgandim. Qanaqa chempionatligini o‘ynab turib bilamiz.
- Yangi klubda qaysi raqamni tanladingiz va klubni maqsadi qanday?
- Xudo xohlasa, 4-raqam bo‘lishi mumkin. Shuni kutyapmiz. Bugun qaysi raqam deb so‘rashdi va men «4» dedim.
Shahzod Azmiddinov: «Paxtakordan ketmasam bo‘lmasdi»
Futbol
20 iyul, 12:31
Tribuna.uz muxbiri Azmiddinov bilan suhbatlashdi.
Фото: Al Salmiya
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi