«Sassuolo» klubi bosh murabbiy Alberto Aquilani bilan hamkorlikni to'xtatdi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
Mutaxassis jamoaning Italiya chempionatidagi ketma-ket beshinchi mag'lubiyatidan so'ng iste'foga chiqarildi. Ayni paytda «Sassuolo» 11 turdan keyin 8 ochko jamg'argan holda A Seriya turnir jadvalining 17-pog'onasini egallab turibdi.
«Klub bosh murabbiy va uning shtabiga professionalligi hamda o'z ishiga sadoqati uchun minnatdorchilik bildiradi. Shuningdek, ularga kelgusi faoliyatida omad tilaydi», — deyiladi klub bayonotida.
Eslatib o'tamiz, Alberto jamoani yozda qabul qilib olgandi. Bu uning A Seriyadagi ilk mavsumi bo'lgandi.
Italiya chempionatining 12-turida «Sassuolo» o'z maydonida «Jenoa»ni qabul qiladi.