FIFA prezidenti Janni Infantino yangi muddatga qayta saylangan taqdirda ham futbol bo‘yicha jahon chempionatlaridagi jamoalar sonini 64 taga oshirmaslikka qaror qildi. Bu haqda Britaniyaning The Times nashri xabar berdi.
Avvalroq u ishtirokchilar sonini kengaytirish rejalari borligi haqida intervyu bergandi.
«48 ta milliy jamoa ishtirokidagi turnir juda muvaffaqiyatli chiqdi. Barcha jamoalar yuqori saviyadagi o‘yin namoyish etdi. Har bir qit’a vakillari gol urib, kamida bittadan ochko jamg‘ardi. Afrikaning o‘nta jamoasidan to‘qqiztasi pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Vaholanki, avvalgi jahon chempionatida Afrika sharafini bor-yo‘g‘i beshta jamoa himoya qilgan edi. Bu barcha jamoalarga imkon berish va ularning jahon chempionatida to‘p tepishini ta’minlash naqadar muhimligini yana bir karra isbotlaydi», — degan edi FIFA rahbari iyul oyida.
Manbaga ko‘ra, Infantino JCH ulushlarini xususiy investorlarga sotish rejalari tufayli yuzaga kelgan mojarodan so‘ng ikkinchi va uchinchi toifadagi futbol assotsiatsiyalari qo‘llab-quvvatlashiga erishish maqsadida chempionatni kengaytirmoqchi bo‘lgan. Dastlab mundialni kengaytirish loyihasi bilan Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (CONMEBOL) chiqqan, ammo Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) va Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) bunga qarshilik bildirgan.