«An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronalduning ish tashlashi Karim Benzema va Ngolo Kante transferlarining amalga oshishiga taʼsir koʻrsatmoqda.
Avvalroq portugaliyalik yulduz Saudiya Arabistoni Suveren jamgʻarmasini (PIF) klublarga, xususan, «An Nasr»ga yetarlicha eʼtibor qaratmaslikda («Al Hilol» bilan solishtirganda) ayblayotgani xabar qilingandi. Shuningdek, u Karim Benzemaning «Al Hilol»ga oʻtishiga «raqobatga zarar yetkazadi» degan sabab bilan qarshi chiqmoqda. Shu bois 40 yoshli forvard Saudiya chempionatining «Ar Riyod»ga qarshi oʻyinida maydonga tushishdan bosh tortdi.
LʼEquipe xabariga koʻra, Ngolo Kante «Al Ittihod»dan «Fenerbahche»ga oʻtishi deyarli toʻliq kelishib olingan. Yusuf An Nosiri esa buning evaziga teskari yoʻnalishda Jidda klubiga oʻtishi kerak.
Biroq Kante Istanbulga yoʻl ololmayapti, chunki An Nosiri transferini yakunlash uchun «Al Ittihod» Benzemaning klubni haqiqatan tark etishiga ishonch hosil qilishi kerak. Ronalduning aralashuvi sababli fransiyalik futbolchi hali ham «Al Hilol»ga oʻtishini kutib turibdi, garchi u allaqachon Riyod klubi bilan kelishuvga erishgan boʻlsa ham.
Krishtianu PIF'ga bosim oʻtkazishda davom etmoqda. U Saudiya Arabistonining eng yirik klublari uchun mas'ul boʻlgan moliyaviy organ «An Nasr»ga yetarlicha eʼtibor bermayapti, deb hisoblaydi. Ushbu qadam orqali u oʻz klubi uchun PIF'dan rejalashtirilmagan qoʻshimcha moliyalashtirish olishni umid qilmoqda.