Madridning «Real» klubi hali ham «PSJ» himoyachisi Ashraf Hakimiga boʻlgan qiziqishini yo'qotgani yoʻq. Bu haqda Defense Central nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, «qirollik klubi» marokashlik futbolchini qaytarish uchun Kilian Mbappe bilan do'stligidan foydalanmoqchi. Klub rahbariyati Hakimini jamoaga qaytarish g'oyasini jiddiy ko'rib chiqmoqda.
Biroq bu transferni amalga oshirish oson boʻlmaydi. Birinchidan, Hakimi joriy yil fevral oyida «PSJ» bilan shartnomasini 2029 yilgacha uzaytirgan. Ikkinchidan, Parij klubi bilan «Real» oʻrtasida soʻnggi yillarda munosabatlar sovuq boʻlib qolgan.
Eslatib oʻtamiz, Hakimi «Real» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2021 yildan beri «PSJ» safida toʻp surmoqda va shu vaqt ichida 185 ta oʻyinda maydonga tushib, 25 ta gol va 37 ta golli uzatma muallifiga aylangan.