«Lids» yarimhimoyachi Ao Tanaka bilan yangi shartnoma imzolanganini e’lon qildi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 2029 yilgacha mo‘ljallangan.
Tanaka 2024 yilda Dyusseldorfning «Fortuna» klubidan «Lids» safiga qo‘shilgan. Dastlabki mavsumida u Chempionshipda 43 ta bahsda maydonga tushib, jamoaga chempionlikni qo‘lga kiritishda yordam berdi. Shuningdek, klub futbolchilari tomonidan mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi va eng chiroyli gol muallifi uchun mukofotga sazovor bo‘ldi.
«Lids» APLga qaytganidan so‘ng yaponiyalik futbolchi «Everton»ga qarshi bahsda debyut qildi. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalarda 33 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol urdi. Tanaka APLda «Chelsi» va «Liverpul» darvozalarini ishg‘ol qildi, Angliya kubogida esa yana ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi. «Lids» ushbu turnirda yarimfinalga qadar yetib bordi.
Ma’lumot uchun, Tanaka ushbu mavsumda barcha musobaqalarda 12 ta bahsda qatnashdi. Uning hisobida «Brayton»ga qarshi o‘yindagi golli uzatma va «Nyukasl» bilan bellashuvdagi gol (4:1) bor. Eslatib o‘tamiz, yarimhimoyachi Yaponiya milliy jamoasi safida ham o‘ynaydi. Jahon chempionatidagi uchta bahsdan so‘ng uning milliy jamoa safidagi o‘yinlari soni 47 taga yetgan.