Bugun
6
O'zbek

Rafael Sabino: "O'zbekiston Superligasi meni ijobiy ma'noda hayratda qoldirdi"

Futbol
1 iyul, 07:43
Braziliyalik futbolchi klub matbuot xizmati bilan suhbatlashdi.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Rafael Sabino: "O'zbekiston Superligasi meni ijobiy ma'noda hayratda qoldirdi"
Фото: Хоразм ПФК

"Xorazm" klubi matbuot xizmati braziliyalik legioner Rafael Sabino bilan suhbatlashdi.

- "Xorazm" safidagi mavsumning birinchi yarmini qanday baholaysiz? Klub va Xorazm viloyati haqidagi ilk taassurotlaringiz qanday bo'ldi?

- O'ylaymanki, men jamoaga yaxshi moslashdim va yaxshi o'yinlar o'tkazdim. Ammo men doimo yanada yaxshiroq o'ynash va jamoaga ko'proq foyda keltirish uchun harakat qilaman. Menimcha, "Xorazm" jamoasining rivojlanish salohiyati juda katta. Bunga muxlislar soni va ularning jamoani maydonda ham, maydon tashqarisida ham qo'llab-quvvatlashi sabab bo'lmoqda. Aynan shu narsa meni eng ko'p hayratda qoldirdi. "Xorazm" jadallik bilan rivojlanayotgan hudud. Oilam bilan bu yerda bizni juda iliq kutib olishdi, o'g'lim esa Xorazmdagi o'rta ta'lim maktabiga mamnuniyat bilan qatnamoqda.

- Jamoa mavsumning ikkinchi yarmiga Toshkent shahrida tayyorgarlik ko'rmoqda. Mashg'ulotlar qanday o'tmoqda va jamoa ichidagi muhit qanday?

- Ha, biz yangi bosqich uchun zarur bo'lgan maxsus mashg'ulotlar asosida juda yaxshi tayyorgarlik olib boryapmiz. Jamoamiz juda ahil va kuchli tarkibga ega. Shu sababli mashg'ulotlar davomida ham doimo ijobiy va ko'tarinki muhitni saqlab qolishga erishyapmiz.

- O'zbekiston Superligasi kutganingizdek bo'ldimi? O'zbekiston va Braziliya futboli o'rtasidagi eng katta farqlar nimada?

- Ha, O'zbekiston Superligasi meni ijobiy ma'noda hayratda qoldirdi. Bu har yili rivojlanib borayotgan chempionat. Men ushbu ligada to'p surayotganimdan juda xursandman. Musobaqalarni taqqoslash qiyin, ayniqsa Braziliyani tark etganimga ancha vaqt bo'lganini hisobga olsak. Menimcha, har bir liga o'ziga xos sifat, o'yin sur'ati va texnik saviyaga ega. Eng muhimi, bu yerda orttirayotgan tajribamdan mamnunman va har kuni yangi tajribalarni o'rganishda davom etyapman.

- "Xorazm" muxlislari haqida qanday fikrdasiz? Ularning qo'llab-quvvatlashi sizga maydonda va maydon tashqarisida qanday motivatsiya beradi?

- "Xorazm" xalqining o'z klubiga bo'lgan cheksiz mehr-muhabbati meni juda xursand qildi va hayratga soldi. Muxlislarimiz haqiqatan ham bizning o'n ikkinchi futbolchimiz. Ular bizni uy uchrashuvlarida ham, safar o'yinlarida ham qo'llab-quvvatlab, har bir bahsda kuch bag'ishlaydi. Ularning mehri va ishonchi maydon tashqarisida ham bizga katta motivatsiya beradi, chunki biz "Xorazm PFK" sharafini munosib himoya qilish mas'uliyatini chuqur his qilamiz.

- Mavsumning ikkinchi yarmi uchun o'zingiz va jamoa oldiga qanday maqsadlar qo'yganisiz? "Xorazm" muxlislariga qanday tilaklaringiz bor?

- Mening asosiy maqsadim har doim jamoadoshlarimga maydonda ham, maydon tashqarisida ham imkon qadar ko'proq yordam berish bo'lgan. Ishonaman, har bir mashg'ulot va o'yinda bor kuchimni berib, "Xorazm"ning mavsumdagi maqsadlariga erishishiga o'z hissamni qo'sha olaman. Muxlislarimizga esa ko'rsatayotgan cheksiz qo'llab-quvvatlovi va mehribonligi uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman. Bizni qo'llab-quvvatlashda davom eting. Biz esa sizlarga ko'plab quvonchli lahzalarni tuhfa etish uchun bor kuchimiz bilan mehnat qilishda davom etamiz.

Bugungi yangiliklar