O‘tgan yili "Neftchi" bilan O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan bosh murabbiy Vitaliy Levchenko joriy yil avvalida Tojikistonga qaytib, sobiq klubi – "Istiqlol"ni boshqarishga kirishdi.
Mutaxassis yurtimizdagi faoliyati davomida o‘zidan yomon taassurot qoldirmadi va o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarib natija qayd etgan holda farg‘onaliklarni 24 yildan so‘ng chempionlikka yetaklab keldi.
Tribuna.uz jurnalisti "Istiqlol" ustozi bilan bog‘lanib keng qamrovli suhbat uyushtirdi.
- Vitaliy Grigor'yevich, Tojikistondagi faoliyatingizda boshqaruvingizdagi "Istiqlol" chempionatda mag‘lubiyatsiz odimlagan holda birinchi o‘rinda boryapti. Ammo ta'qibchilar ham izma-iz kelishmoqda. Avvallari "Istiqlol" katta farq bilan ilgari lab ketardi. Demak, chempionat saviyasi ancha o‘sibdi-da?!
- Ha, Tojikistonda 2026 yilgi mavsum chinidan ham qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida o‘tmoqda. Biroq ijobiy tomoni biz mag‘lubiyatga uchramagan holda birinchi o‘rinni band etib kelyapmiz va 25 ochko jamg‘argan holda "Hosilot" va "RegarTadAZ"dan biroz farq bilan oldinda boryapmiz. Ularning hisobida 24 ochkodan bor. Lekin, shak-shubhasiz ta'qibchilar bilan o‘rtadagi farq ancha qisqargani rost. Kurash juda zich ko‘rinishda ketmoqda. Bu esa chempionatning umumiy saviyasi ancha o‘sganidan dalolat beradi. Avvallari "Istiqlol" yaqin ta'qibchilarini ancha katta farq bilan ortda qoldirgan holda yetakchilik qilardi. Lekin oxirgi paytlarga kelib raqobat kuchaydi. Bir qancha klublar barqarorlikni namoyish etishmoqda. Ular jismoniy, taktik jihatdan ancha kuchayishgan. O‘z navbatida musobaqa jadvalida ham zichlik yuzaga kelgan. Oldinlari bunday holatni ko‘rish mumkin emasdi. Bunday o‘sish o‘z navbatida jamoalarning natijalarida aksini topmoqda. Ilgari aksar klublar medallar uchun kurashga qo‘shila olmasdi. Endi esa jamoamizga muntazam ravishda bosim o‘tkazib kelishyapti. Bunda esa albatta raqiblar jamoalarida murabbiylar shtabida yaxshi malakali mutaxassislar ishlayotganidan dalolat bermoqda. Chempionat ancha raqobatbardosh tus olgan. Bu esa muxlislar uchun ham juda qiziqarli. Ular mana shunday kurashni kuzatishni yoqtirishadi. O‘z o‘rnida biz murabbiylar shtabidagilar aslo bo‘shashmasligimiz kerak. Har bir uchrashuvga maksimal darajada jiddiy hozirlik ko‘rishimiz darkor. Mahalliy futbolning o‘sayotgani yuqorida siz aytib o‘tganingizdek raqobat kuchaygani bilan bog‘liq.
- Sobiq klubingiz – "Neftchi"ni kuzatib boryapsizmi? Hozir ular Superligada peshqadamlik qilishmoqda. Bu haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Ha, albatta, sobiq klubim – "Neftchi"ni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqdaman. Bu jamoa boy tarix va o‘ziga xos an'analarga ega. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston chempionatida yetakchi klublardan biri hisoblanib kelgan. 2025 yili "Neftchi" yana Superliga chempioniga aylandi. Bu voqea oxirgi 24 yil ichida birinchi bor kuzatildi. Jamoa 64 ochko jamg‘ardi va yaqin ta'qibchilarni katta farq bilan ortda qoldirib muddatidan oldin chempion bo‘ldi. "Neftchi" 2026 yilgi mavsumni ham juda kuchli boshladi. Ular ishonch bilan o‘ynashmoqda va yuqori o‘rinda borishyapti. Doimiy ravishda ochko jamg‘arishmoqda. Superligada chempionlik uchun asosiy da'vogar sifatida o‘zini ko‘rsatishmoqda. Men buni hurmat qilaman va albatta ularga muvaffaqiyat tilayman. Bu mening o‘tmishdagi ishlari, xotiralarim va professional munosabatlarim bilan chuqur bog‘langan klub. Shu bilan birga men hozirda bor e'tiborimni "Istiqlol" bilan zimmdagi vazifani bajarishga to‘liq qaratganman. O‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarimiz bor. Albatta, o‘zim bir paytlar ishlagan jamoaning yetakchilar qatorida qolaetgani va yuqori saviyada futbol namoyish qilayotganini ko‘rish quvonarlidir.
- Sizga Tojikiston terma jamoasini boshqarish taklifi bo‘lgandi. Biroq "Istiqlol"ni tanladingiz. Bu nima bilan bog‘liq?
- Ha, gapingiz rost, shunday taklif bo‘lgan. O‘z navbatida shak-shubhasiz bu men uchun katta sharaf. Chunki milliy jamoani boshqarish taklifi har qanday murabbiyga ham yuborilavermaydi. Bu esa mamlakatda olib borayotgan ishlarga atrofdagilarning ishonch bilan boqayotganidan dalolat beradi. Lekin o‘sha paytda men "Istiqlol"da qolishni ma'qul ko‘rdim. Bu aql bilan qabul qilingan qarordir.
Birinchidan, menda aniq va uzoq muddatga mo‘ljallangan loyiha bor. Klub ancha shakllangan. Mashg‘ulot jarayoni ham tartibli. Strategik vazifalar aniq. Ichki va xalqaro turnirlar uchun bunday rejalar to‘g‘ri ishlab chiqilgan. O‘zim boshlagan ishni yarim yo‘lda chala tashlab ketishga ko‘nikmaganman.
Ikkinchidan, klub bilan milliy jamoada ish olib borish bir-biridan farq qiladi. Klubda sen har hafta, har kuni o‘yinchilarning o‘sishiga o‘z ta'siringni ko‘rsatishing, g‘oyalaringni uqtirishing, taktik va jismoniy tayyorgarlik ustida muntazam ishlay olishing mumkin. Menga mana shunday tizimli, kundalik ish jarayoni yoqadi. Bundan tashqari, "Istiqlol" tojik futbolining bayroqdor klubi hisoblanadi. Jamoada olib borilayotgan muvaffaqiyatli mehnat samarasi o‘laroq xalqaro turnirlar uchun aksar futbolchilar "Istiqlol"dan olinadi. Men bu gap bilan milliy jamoani nazarda tutyapman. Shuningdek, klubning o‘zi ham ichki va xalqaro musobaqalarda ancha yaxshi qatnashib keladi. Boshqacha aytganda, "Istiqlol" milliy jamoaning o‘zagini tashkil etadigan klubdir. Ha, Tojikiston milliy jamoasiga katta hurmat bilan qarayman va bir kun kelib uni boshqarish taklifi bo‘lsa ko‘rib chiqishga tayyorman. Biroq yuqorida aytganimdek, "Istiqlol" uchun o‘ylab qo‘yilgan loyiha va klub oldidagi mas'uliyat hozircha bu haqida fikr yuritishimga to‘sqinlik qiladi, xolos. Avvalo jamoadagi ishni oxiriga yetkazishim kerak.
- O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokidan nimani kutgandingiz? Uning guruh bosqichidagi o‘tkazgan o‘yinlari haqida nima deya olasiz?
- Chempionatga start berilishidan oldin ko‘pchilik O‘zbekistonning musobaqada qatnashishi butun Markaziy Osiyo uchun katta voqealikka aylanishini kutgandi. Bu o‘zbek milliy jamoasining mundialga ilk bor chiqishi – tarixiy voqea. Mahalliy futbolning mintaqadagi rivojlanishini o‘ziga xos ko‘rsatkichi. Ko‘plab ekspertlar va ishqibozlar milliy jamoani guruhdan pley-off bosqichiga chiqish imkoniyati unchalik yuqori emasligi haqida gapirishgandi. Chunki guruhda kuchli raqiblar joy olgandi. Bilasizmi, bunday yuqori saviyadagi musobaqada ishtirok etish borasida tajriba yo‘qligi milliy jamoaga pand berib qo‘ydi. Ammo eng asosiysi, milliy jamoa katta tajribaga ega bo‘ldi va bu keyingi musobaqalarda asqotmasdan qolmaydi. Guruh bosqichida jamoa kuchli chaqiriqlarga duch keldi. Ilk uchrashuvda Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyat boy berildi. Biroq shu bilan birga milliy jamoa jahon chempionatlari tarixida ilk bor dastlabki golini kiritdi.
Navbatdagi – Portugaliyaga qarshi uchrashuvda jiddiy muammolarni his qilgan holda futbolchilar to‘p tepishdi va shunga mos ravishda 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydilar. O‘z o‘rnida bu Yevropadagi yetakchi milliy jamoa va Osiyodagi jamoa o‘rtasida katta farq borligini tasdiqladi. O‘zbekiston guruhning oxirgi uchrashuvida ham Kongoga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Oxir-oqibat turnirdagi ishtirokini pley-offga chiqmasdan yakunlashga majbur bo‘ldi. Aynan shunday musobaqalar jahon miqyosida mo‘ljal juda yuqori olinmaganidan dalolat beradi. Bundagi ishtirok esa milliy jamoaga faqat foyda keltiradi, xolos. Jahon chempionatidagi debyut – bu oldinga tashlangan katta qadamdir. Bunday qadam mamlakatda futbolning rivojlanishiga yanada turtki beradi. Yuqorida ilova qilib o‘tganimdek, bir qancha ekspertlar O‘zbekistonning guruhdan chiqish imkoniyatini unchalik baland baholamagandilar. Bunday jiddiy raqiblarga qarshi kurashishning o‘zi bo‘lmaydi. Muhimi, ijobiy tajriba olindi. Umumiy ma'noda aytadigan bo‘lsam, avvalo, jahon arenasida ishtirokka ko‘nikma hosil qilib, muntazam ravishda JChga yo‘l olishni yo‘lga qo‘yish kerak. Mana shunda xarakter namoyon bo‘ladi va o‘z navbatida natijalar ham bora-bora yaxshi ko‘rinish hosil qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, jahon chempionatidagi ishtirok o‘zbek futbolining keyingi rivoji uchun katta foyda keltirmasdan qolmaydi.
- O‘zbekiston chempionatidan yana taklif olsangiz qaytishga rozi bo‘larmidingiz?
- Futbol shunday kasbki, ertaga nima bo‘lishini o‘zing ham bilmaysan. O‘zbekiston Superligasi kuchli va shu bilan birga rivojlanib borayotgan chempionatdir. Men uni ancha yaxshi bilaman va hurmat qilaman. O‘zbek futboli bilan ancha yillar bog‘liqlik joyim bor. Garchi hozir u yerda ishlamayotgan bo‘lsam ham Superligadagi holatni, klublarning tobora o‘sib borayotganini kuzatishda davom etyapman. Agar ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, butun diqqat-e'tiborimni "Istiqlol"dagi ishimga qaratganman. Bizda muayyan maqsadlar, klub rahbariyati, o‘yinchilar va muxlislar oldida o‘ziga yarasha mas'uliyatli vazifalarimiz bor. Bu vazifalarni bajarish biz uchun asosiy maqsaddir. Boshlab qo‘yilgan loyihani mantiqiy nihoyasiga yetkazish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lardi. Shu bilan birga qarshimdagi eshiklardan birortasini hech qachon yopishga odatlanmaganman. Agar kelajakda O‘zbekiston chempionatidagi klublardan biri jiddiy taklif yuborsa buni bemalol o‘rganib chiqishim va kerak bo‘lsa borib yangi loyiha ustida ish boshlashim mumkin. Murabbiy uchun faqat ishlaydigan mamlakati emas, u yerdagi liganing saviyasi ham o‘ziga yarasha ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda esa eng shimarib ishlash uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Shuning uchun ham bu savolingizga javobim shunday: ha, qaytishimni istisno qila olmayman. Lekin bu qaytish qachon va qanday holatda yuz beradi, oldindan bir narsa deyishim qiyin.
- O'zbek futbolchilaridan qaysi birini "Istiqlol"da ko‘rishni xohlagan bo‘lardingiz?
- Umumiy ma'noda aytadigan bo‘lsam, hozir O‘zbekistonda juda ham yaxshi avlod vakillari shakllangan. O‘zbek futboli rivojlanib boryapti. Kuzatishlarimdan kelib chiqib ayta olamanki, ko‘plab o‘yinchilar taktik, jismoniy va aqliy jihatdan kuchayib ketganlar. Odatda, shu kabi savollarga javob berishda alohida o‘yinchilarni ajratib o‘tirmayman. Balki umumiy ma'noda fikr bildirishni afzal ko‘raman. "Istiqlol"ga faqat nomi chiqqan futbolchilar kerak emas. Biz klub falsafasi, o‘yini va talablariga javob bera oladimi yo yo‘qmi, shunday xususiyatlarni o‘rganib, so‘ng bir qarorga kelamiz. Xullas, savolingizga javoban ism-shariflarni birma-bir sanab chiqqimoqchi emasman. Asosiysi, futbolchi "Istiqlol"ning talablariga javob bersin. Shunda hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi.
- Jahon chempionatida kutilmagan natijalar yuz berib turibdi. Qaysi terma jamoa finalga chiqishi mumkin?
- Futbol bu doim oldindan nima bo‘lishini bilmaydigan o‘yin turidir. Ayniqsa, jahon chempionatidek nufuzli musobaqada qayd etilayotgan natijalar har qanday odamni shoshirib qo‘yishi mumkin. Yirik turnirlarda har doim favoritlar, shu bilan birga kutilmagan syurprizlarni taqdim etishi mumkin bo‘lgan jamoalar bo‘lgan. Mana, "JCh-2026"da ham guruh bosqichida qator kutilmagan natijalar bo‘lib, kuchli terma jamoalar pley-offsiz qolib ketishdi. Agar vaziyatga obyektiv nazar tashlanadigan bo‘lsa, tahlilchilar va ekspertlarning har xil tahlillari va matematik modellar yordamida o‘rganishlari natijalarda o‘z isbotini topayotganini yo‘q. Finalda istalgan terma jamoa ishtirok etishi mumkin. Menimcha, Fransiya bilan Argentina butun musobaqaning asosiy favoritlari hisoblanishadi. Bu jamoalar boshqalardan bir kalla balandligi bilan ajralib turibdi. Shuningdek, Ispaniya, Angliya va Braziliyaning uzoqqa yetib borishi mumkinligi haqida taxminlar yangramoqda. Ularning nafaqat finalga chiqishi, balki g‘alaba qozonishi mumkinligi ehtimoli yuqori baholanmoqda. Musobaqa maromidan kelib chiqqan holda istalgan vaziyatda kutilmagan natijalar qayd etilishi mumkinligini yoddan chiqarmaslik zarur. Shaxsan men zamonaviy futbolda har tomonlama kuchli shakllangan terma jamoa voqealar rivoji ular uchun ishlagandagina finalga yetib borishini taxmin qila olaman. Futbolda turli bashorat va taxminlardan tashqari kutilmagan syurprizlar uchun doim joy qolgan. Joriy jahon chempionatida ham bundan mustasno bo‘lmayapti. Imkoniyati yuqori baholangan jamoalar kutilmaganda autsayder maqomidagi raqiblarga yutqazib qo‘yishmoqda. Shu sabab finalda aytaylik, Fransiya yoki Argentinali ko‘rish bilan bog‘liq ssenariyni inkor etmagan bo‘lardim. Bilasizmi, qaysi jamoa o‘yinlarga, tashqi bosimga chidamlik va tayyor bo‘lsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonishi mumkin.