Ispaniyalik mutaxassis Luisma Ernandes yodingizdami? Oʻz vaqtida "Metallurg" klubini boshqargan. Undan oldin esa Bekobodda tashkil qilingan "El Golazo" futbol akademiyasiga rahbarlik qilgan.
Ernandes oʻtgan mavsumda Maldiv chempionatida chempionlikka erishdi. Hozirgi paytda esa u jahon chempionati uchun kerak boʻlsa Ispaniya OAV bilan birgalikda telemuloqotlarda ekspert sifatida ishtirok etmoqda.
Tribuna.uz jurnalisti Ispaniyada boʻlib turgan Luisma Ernandes bilan suhbatlashdi.
- Siz Oʻzbekiston chempionatida ishlagansiz va futbolimizni yaxshi bilasiz. Milliy jamoamizning jahon chempionatidagi ishtirokini qanday baholaysiz?
- Salom! Oʻzbekiston milliy jamoasining darajasidan biroz hafsalam pir boʻldi. Menimcha, jamoa jahon chempionatida koʻrsatganlaridan koʻra, koʻproq qobiliyatga, shaxsiyatga va oʻziga xosligiga ega.
- Rostini ayting, mundialdan avval milliy jamoamizdan nima kutgandingiz?
- Guruhda hech boʻlmaganda raqobatlashishga va hatto keyingi bosqichga chiqishga qodir edi. Ular oʻz debyutlarida munosib raqobatlasha olmaganlari achinarli.
- Bosh murabbiy Fabio Kannavaroning ishini qanday baholaysiz? Chunki natijaga murabbiy javob beradi.
- Baholash qiyin. Har bir murabbiy oʻyinchilarining darajasi bilan muvozanatlash uchun oʻz ustuvorliklariga ega. Menimcha, buni yaxshilash mumkin edi.
- Milliy jamoamizning oʻyin uslubidagi asosiy muammo nimada edi?
- Menimcha, ular oʻz shaxsiyatini yaxshi shakllantirmagan. Kuchli tomonlariga moslashmagan. Lekin raqiblarga juda koʻp eʼtibor qaratishgan. U yerga ketayotgan ekansiz, albatta oʻz uslubingizni koʻrsating. Umid qilamanki, mundial ularga oʻsishda davom etishiga yordam beradi. Osiyo va kelajakdagi jahon chempionatlarida koʻproq imkoniyatlar paydo boʻladi. Futboliga sarmoya kiritadigan va rivojlantiradigan mamlakatga eng yaxshi tilaklarimni tilayman.
- Sizga ushbu jahon chempionatida yoqayotgan narsa nima?
- Koʻpgina jamoalar oʻz guruhlaridan chiqishdi va pley-offda raqobatlashmoqda. Yaponiya Braziliya bilan yaxshi kurashdi. Paragvay esa gigant – Germaniyani musobaqadan chiqarib yubordi. Har doim syurprizlarni amalga oshirish orzusi bor.
- Sizningcha, kim chempion bo'ladi?
- Albatta, men Ispaniya tomonidaman, garchi Fransiya va Argentinani ham kuchli daʼvogarlar sifatida koʻrsam ham.
- Yana mamlakatimizga qaytish haqida oʻylamayapsizmi?
- Oʻzbekiston – hayotimning bir qismi. Mening oʻzbek oilam, koʻplab doʻstlarim va mamlakat futboliga qoʻshgan hissam haqida juda yaxshi xotiralarim bor. Koʻplab futbolchilar mening qoʻl ostimda "Metallurg"da oʻynashganidan keyin ham rivojlanishda davom etayotganidan xabarim bor.
Luisma Ernandes: "Oʻzbekiston milliy jamoasining darajasidan biroz hafsalam pir boʻldi"
Eksklyuziv
1 iyul, 06:59
Tribuna.uz jurnalisti Ispaniyada boʻlib turgan Luisma bilan suhbatlashdi.
Фото: Луисма Эрнандес