O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov faoliyatini Germaniya Bundesligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Kicker nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Myonxengladbaxning «Borussiya» klubi 22 yoshli markaziy himoyachiga qiziqish bildirmoqda. Nemis klubi yozgi transfer vaqtida o‘z tarkibini kuchaytirish yo‘lida bir necha o‘yinchilarni kuzatmoqda.
Klub short-listidan O‘rozov ham joy olgan. Biroq futbolchining «Dinamo» bilan shartnomasi bor. Da’vogarlar avvalo samarqandliklar bilan transfer bo‘yicha muzokara o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Jahongirga «Rubin» klubi ham qiziqish bildirgan edi. Biroq futbolchining agenti Rossiya klubining taklifini rad etilganini ma’lum qilgandi.