24-oktyabr kuni BAAning Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tadigan UFC 333 turnirida o‘zbekistonlik jangchi Ramazon Temirov UFC yengil vazn toifasi reytingida 6-o‘rinni egallab turgan Lonir Kavanaga qarshi oktagonga chiqadi.
Jang oldidan Saq Pro Team jamoasi bosh murabbiyi va yakkakurashlar bo‘yicha ekspert Daulet Nurlanul Sports24.kz nashriga bergan eksklyuziv intervyusida Temirovning imkoniyatlarini baholadi.
Avvalroq o‘zbekistonlik sportchi dopingga qarshi qoidalarni buzgani uchun diskvalifikatsiyadan qaytgach, avvalgi jangida avstraliyalik Stiv Ersegga qarshi oktagonga chiqib, uni birinchi raundda nokautga uchratgan edi. Ushbu g‘alaba o‘zbekistonlik jangchining UFC reytingiga kirishiga imkon berdi.
Kavana esa 2026-yil boshida UFC sobiq chempioni Brendon Morenoni mag‘lub etgan. Biroq keyingi jangda Brendon Royvalga bo‘g‘ish usuli bilan imkoniyatni boy bergan.
«Temirov va Kavana o‘rtasidagi jangni hali chuqur o‘rganganim yo‘q. Ammo UFC Temirovga qanday imkoniyat berayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. O‘tgan safar o‘zbekistonlik jangchi diskvalifikatsiyadan qaytgach, reytingning kuchli o‘nligidagi raqibga qarshi jang qildi va Stiv Ersegni nokautga uchratdi. Bu safar esa unga reytingda yanada yuqoriroq o‘rinda turgan jangchi berildi.
Ehtimol, UFC O‘zbekiston auditoriyasiga qiziqish bildirayotgandir. U tik turib jang qiladi va raqiblarini nokautga uchratadi», — deya ta’kidladi murabbiy.
Nurlanulning fikricha, Kavana ustidan qozoniladigan g‘alaba Temirovning yengil vazn toifasida chempionlik jangi uchun kurashdagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlashi mumkin.
«Agar u bu raqibini ham nokautga uchratsa yoki tomoshabop tarzda g‘alaba qozonsa, chempionlik uchun kurashda bizning Asu Almabayevdan o‘zib ketishi mumkin», — deya xulosa qildi Daulet Nurlanul.