«Pari Sen-Jermen» ispaniyalik hujumchi Ferran Torres bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishilgani haqida «Barselona»ni rasman xabardor qildi. Bu haqda mashhur jurnalist va insayder Fabritsio Romano o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, «PSJ» «Barselona»ga tez orada Ferran transferi bo‘yicha rasmiy taklif yuborishini ma’lum qilgan.
Avvalroq, fransuz klubi so‘nggi jahon chempionati finalida hal qiluvchi gol muallifini kataloniyaliklardan taxminan 50 million yevroga sotib olishi xabar qilingandi. Futbolchining o‘zi bilan 4-yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 finalida Argentina darvozasiga urilgan yagona golga mualliflik qilgan Ferran Torres 2022-yilning yanvar oyidan buyon «Barselona» safida to‘p tepib kelmoqda. Kataloniyaliklar safida u Ispaniyada yettita sovrinni qo‘lga kiritdi. Futbolchining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning yozigacha mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali futbolchining aktual transfer narxini 50 million yevroga baholamoqda.