Bugun
46
O'zbek

Flik Rafinyaning "Barselona"da qolishini tasdiqladi

Futbol
9 avgust, 02:19
Braziliyalik futbolchi 2028-yilgacha kataloniyaliklar libosida maydonga tushadi.
Flik Rafinyaning "Barselona"da qolishini tasdiqladi
Foto: Goal.com

"Barselona" bosh murabbiyi Hansi Flik jamoaning braziliyalik hujumchisi Rafinya klubda qolishini tasdiqladi. Nemis mutaxassisi 29 yoshli futbolchini jamoa uchun eng muhim o‘yinchilardan biri deb atadi.

"Rafinya men uchun eng muhim futbolchilardan biri. U sifat va intensivlik olib keladi. Biz unga muhtojmiz", — dedi Flik. Bu haqda jurnalist Fabrizio Romano ma'lum qildi.

Rafinya "Barselona"ga 2022-yil yozida "Lids"dan ko‘chib o‘tgan. Braziliyalik futbolchi kataloniyaliklar safida asosan qanot hujumchisi sifatida, dastlab esa chap qanotda harakat qilgan. Keyinchalik u hujum chizig‘ining turli pozitsiyalarida ham samarali o‘ynay boshladi. 2025-yil may oyida "Barselona" uning shartnomasini 2028-yil 30-iyuniga qadar uzaytirgan.

Rafinya "Barselona"dagi dastlabki ikki mavsumida 10 tadan gol urgan va mos ravishda 12 hamda 11 ta golli uzatma amalga oshirgan. Uning eng sermahsul mavsumi 2024/25-yilgi mavsumga to‘g‘ri keldi: futbolchi barcha musobaqalarda 57 ta uchrashuvda 34 ta gol urdi va 22 ta golli uzatma berdi. Bu natija uni "Barselona" hujumidagi eng muhim futbolchilardan biriga aylantirdi.

2025/26-yilgi mavsumda esa jarohatlar tufayli ancha o‘yin o‘tkazib yuborganiga qaramay, Rafinya 21 ta gol urdi. U Ispaniya Superkubogi finalida "Real"ga qarshi dubl qayd etib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan.

"Barselona"ning rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, u hozirgacha 177-o‘yinini o‘tkazgan va 75 ta gol va 51 ta golli uzatma qayd etgan.

Bugungi yangiliklar