Sport vaziri Adham Ikramov boshchiligida Zoom platformasi orqali «Barselona» klubi vakillari bilan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, «Barselona» klubi ijroiya jamoasi aʼzosi Sesаr Martines hamda klubning bilimlar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar platformasi – Barca Innovation Hub bosh direktori Albert Mundet ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda bolalar va oʻsmirlar futbolini rivojlantirish, yosh futbolchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash hamda zamonaviy futbol metodologiyasini joriy etish maqsadida «Barselona» klubining rasmiy xalqaro futbol akademiyasi – «Barca Academy» loyihasini Oʻzbekistonda amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar Barca Academy faoliyati, uning mashhur La Masia akademiyasi metodologiyasiga asoslangan taʼlim tizimi, murabbiylar malakasini oshirish, zamonaviy futbol falsafasini joriy etish va iqtidorli futbolchilarni saralash borasidagi tajribasi yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, Markaziy Osiyodagi ilk rasmiy «Barca Academy» 2023-yilda Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod shahrida ish boshlagani, ayni paytda Bishkek shahrida ikkinchi akademiyani tashkil etish ishlari olib borilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekistonda «Barca Academy» loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda oʻrganish, bolalar va oʻsmirlar futbolini rivojlantirish, mahalliy murabbiylar malakasini oshirish hamda futbol sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildilar.
Oʻzbekistonda «Barselona»ning akademiyasi ochilishi mumkin
Futbol
14 iyul, 14:28
«Barca Academy» loyihasini Oʻzbekistonda amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Фото: Minsport
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi