Live
3
O'zbek

Oʻzbekiston va Ozarboyjon 2027-yilgi U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Futbol
2 oktabr, 09:48
Futzaldan boʻyicha JCHdan soʻng FIFAning yana bir yirik musobaqasi Oʻzbekistonda oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston va Ozarboyjon 2027-yilgi U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
Foto: UFA

Oʻzbekiston Ozarboyjon bilan birgalikda FIFAning nufuzli musobaqalaridan biriga mezbonlik qiladi. Bu haqda OʻFA matbuot xizmati maʼlum qildi.

«Bugun FIFA Kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda kun tartibidan oʻrin olgan muhim masalalar qatorida 2027-yilgi 20 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi FIFA Jahon chempionati mezbonlari aniqlandi. Unga koʻra, Oʻzbekiston va Ozarboyjon birgalikda yoshlar oʻrtasidagi mundialga mezbonlik qilishi belgilandi. Mazkur musobaqa FIFA tomonidan oʻtkaziladigan milliy jamoalar oʻrtasidagi Jahon chempionatidan keyingi ikkinchi nufuzli musobaqa hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz koʻplab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, katta tajriba orttirdi. Xususan, 2024-yilda yurtimizda oʻtkazilgan futzal boʻyicha Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani xalqaro futbol hamjamiyati tomonidan alohida eʼtirof etildi. Mazkur musobaqalar, shuningdek, oʻzbekistonlik mutaxassislarining xalqaro miqyosdagi yirik turnirlarni oʻtkazish boʻyicha yetarli tajriba va salohiyat toʻplashi uchun imkoniyat yaratdi.

2027-yilga kelib dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari FIFA U-20 Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston va Ozarbayjonda toʻplanishadi. Yurtimiz, har doimgidek, oʻzining mehmondoʻstligi, professional yondashuvi, futbolga fidoiyligi va albatta futbolsevar muxlislarining mehri bilan butun dunyo eʼtiborini qozonishga tayyor», — deyiladi xabarda.

Bugungi yangiliklar