O‘zbekiston delegatsiyasi Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarining akademik eshkak eshish bahslarida navbatdagi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yilgi jahon chempionatida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev Osiyo o‘yinlarida ham o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Hamyurtlarimiz yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi Lm2x juftlik dasturida ishtirok etib, final poygasida barcha raqiblarini ortda qoldirdi. Nurmatov va Safaraliyev marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, oltin medalga sazovor bo‘lishdi.
Shu tariqa, jahon chempionlari endi o‘z nomlariga Osiyo o‘yinlari chempionligi unvonini ham qo‘shib qo‘yishdi. Ularning g‘alabasi O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘armasini yana bir oltin medal bilan boyitdi.
Avvalroq Shohsanam Sherzodova ham Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgani ma’lum qilingandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi