"Barselona" himoyachisi Alejandro Balde "Manchester Yunayted"ning transfer maqsadlari ro'yxatida qolmoqda. Bu haqda jurnalist Fabrizio Romano xabar berdi.
22 yoshli futbolchining jamoani tark etishi mumkinligi haqidagi gap-so'zlar so'nggi kunlarda yanada kuchaydi. Shu mish-mishlar fonida "ko'k-anorranglilar" bosh murabbiyi Hans-Diter Flik uni "Elche"ga qarshi uchrashuv uchun qaydnomaga kiritmadi va futbolchiga "uyda qolib, boshini biroz tozalab olish"ni maslahat berdi.
Qayd etilishicha, "Manchester Yunayted" vakillari ehtimoliy transfer shartlarini bilish uchun Baldening agenti Jorge Mendesh bilan allaqachon bog'langan.
Hozirda Transfermarkt ekspertlari ispaniyalik futbolchining narxini 50 million yevro deb baholamoqda. Avvalroq Balde "Barselona"ni tark etishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi.