Toshkent vaqti bilan bugun, 30-avgust erta tongida «Nu Stedium» stadionida MLS navbatdagi turi doirasidagi bahs bo‘lib o‘tdi. Mayami jamoasi o‘yinda 7:1 hisobida zafar quchdi.
O‘yinning 20-daqiqasida braziliyalik yarimhimoyachi Kazemiro MLSdagi debyut golini urishga erishdi. Unga argentinalik Telasko Segoviya assistentlik qildi. Oradan 17 daqiqa o‘tib, mehmonlarning germaniyalik yarimhimoyachisi Fabian Gerbers shveysariyalik Noy Shtraytning uzatmasidan keyin muvozanatni tikladi.
Tanaffusgacha Lionel Messi yana jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda argentinalik forvard yana 3 ta gol urdi. O‘z navbatida Luis Suares va Rodrigo De Paul unga golli uzatmalar yetkazib berishdi. Urugvaylikning o‘zi ham Messining uzatmasidan keyin nomini tabloga yozdiirib qo‘ydi. Yana bitta gol zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan amerikalik xavbek Aleksandr Shouga tegishli.
Ma’lumot uchun, «Inter Mayami» MLSdagi to‘rt o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ydi. Messi va jamoadoshlari 22 o‘yinda 42 ochko jamg‘arib, Sharqiy konferensiyada ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Monreal jamoasi esa oxirgi, 14-pog‘onani band etgan (21 ochko).
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi