Live
1
O'zbek

Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston futzal federatsiyasi vitse-prezidenti etib tayinlandi

Futbol
9 iyul, 15:30
O‘zbekiston FF Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida federatsiya rahbariyatining tarkibi yangilandi.
Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston futzal federatsiyasi vitse-prezidenti etib tayinlandi
Foto: UFF

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida federatsiya rahbariyatining tarkibi yangilandi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston futzal federatsiyasi vitse-prezidenti etib tayinlandi.

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2026/2027 futzal mavsumiga tayyorgarlik, milliy chempionatni rivojlantirish va sohada olib borilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda milliy chempionat raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro talablar asosida hakamlik tizimini takomillashtirish, teletranslyatsiyalar soni va sifatini oshirish, klublarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, marketing va tijorat yo‘nalishlarini rivojlantirish choralar ko‘rib chiqildi.

Ta'kidlanganidek, 2026/2027 mavsumidan boshlab, Oliy Ligadagi barcha klublar mustaqil yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etiladi. Ular mas'uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) shaklida ro‘yxatdan o‘tib, mustaqil moliyaviy-iqtisodiy faoliyatni boshlashadi va zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi asosida ishlashni boshlaydilar. Bu yangilik mamlakat futzalida professional klublar tizimini shakllantirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.

Shuningdek, yig‘ilishda yangi mavsum taqvimi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2026/2027 futzal mavsumi 2-sentabr kuni O‘zbekiston Superkubogi o‘yini bilan boshlanadi. Milliy chempionatning dastlabki turlari 3-sentabr kuni start oladi.

Yig‘ilishning eng muhim qarorlaridan biri federatsiya rahbariyati tarkibiga taalluqli bo‘ldi. Ijroiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Razzokovich Abdullayev O‘zbekiston futzal federatsiyasi vitse-prezidenti etib tayinlandi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes va "Maksam-Chirchiq" futzal klubining bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining a'zolari etib saylandi.

Yig‘ilish yakunida yangi mavsumni yuqori saviyada tashkil etish, milliy chempionatning nufuzini oshirish va o‘zbek futzalining xalqaro arenadagi raqobatdoshligini kuchaytirishga qaratilgan qator qarorlar qabul qilindi. Mas'ul shaxslarga belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Bugungi yangiliklar