Maksim Shatskix — bu shubhasiz katta nom. O‘zbek va Ukraina futbolida o‘z o‘rnini topgan hamda hurmat-e’tibor qozongan mashhur shaxs. Uning futbolchilik faoliyati qanday o‘tganini barcha futbol ishqibozlari yaxshi bilishadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yorqin taassurot qoldirgan. Vaqtlar o‘tib, endilikda Maksim Shatskix murabbiy rolida mehnat qilib kelmoqda. Bu borada ham u o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan va bu borada o‘zi uchun ham juda talabchan.
Hozirda Maksim Aleksandrovich, Ukraina, Rossiya va O‘zbekistondagi murabbiylik faoliyatidan so‘ng Qirg‘iziston chempionatida faoliyat olib bormoqda.
Kuni kecha Tribuna.uz jurnalisti Shatskix bilan qiziqarli bo‘lgan katta intervyu uyushtirdi.
- Maksim Aleksandrovich, futbolchi sifatida o‘z oldingizga qo‘ygan ko‘plab maqsadlaringizga erishdingiz, ko‘plab orzularingizni amalga oshirdingiz. Endi murabbiy sifatidagi eng katta orzuingiz nima?
- Mening orzu va istaklarim o‘zgarmagan, hali ham avvalgidek qolgan. Futbolchilik davrimda ham, hozir murabbiy sifatida ham orzu qilgan narsalarim bir xil: Chempionlar ligasida g‘olib chiqish — qaysi biri bo‘lishidan qat’i nazar, Yevropa yoki Osiyo Chempionlar ligasida va tabiiyki, jahon chempionatida ishtirok etish. Shuning uchun hozir ham mening orzu va istaklarim aynan shulardan iborat.
- Qachondir Kiyevning «Dinamo» klubini boshqarishni xohlarmidingiz?
- Albatta, o‘zimning klubimda ishlashni juda xohlardim. Axir, men bu klubga o‘n yil umrimni bag‘ishlaganman. Shuning uchun tabiiyki, bu ham mening orzularimdan, istaklarimdan biri.
Hozirning o‘zidayoq bunday imkoniyatga tayyorman. Shu bois bugungi vaziyatda ham o‘zim uchun qadrdon bo‘lgan, aytish mumkinki, super klubda ishlab, jamoa bilan birga katta marralarni zabt etish, yuqori natijalarga erishish va sovrinlarni qo‘lga kiritish istagim juda katta. Bunday xohish menda nihoyatda kuchli.
- Bugungi kunda Qirg‘izistonda faoliyat yurityapsiz. Ayni paytda bu mamlakat futboli qay darajada?
- Qirg‘izistonda futbol saviyasi yetarlicha yaxshi — tezkor, texnik jihatdan salohiyatli. Umuman olganda, Osiyo qit’asida, ayniqsa Markaziy Osiyodagi futbolga xos jihatlar bu yerda ham mavjud.
Qolaversa, Qirg‘iziston futbolida bunday keng ko‘lamli rivojlanish jarayoni boshlanganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Hozir deyarli barcha jamoalar o‘z infratuzilmasini yaxshilayapti, bazalar va stadionlar barpo etilmoqda. Atigi qisqa muddat — taxminan besh yil ichida, futbol saviyasi ham, klublar uchun yaratilayotgan infratuzilma ham juda katta o‘sishga erishdi.
Bu yerda futbol juda tez va to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda. Agar ular kelgusida ham shu sur’at va darajani saqlab qolishsa, yaqin kelajakda bu o‘zining ijobiy natijalarini, albatta beradi, deb o‘ylayman.
- Maksim Aleksandrovich, futbolchi bo‘lgan paytingizda, avvalo, hujumdagi natija uchun javob berar edingiz. Endi esa murabbiy sifatida butun jamoa natijasi uchun mas’ulsiz. Sizningcha, futbolchi Shatskix va murabbiy Shatskix o‘rtasidagi asosiy ichki farq nimada? Futbolchi sifatida tushunmagan, ammo murabbiyga aylanganingizdan so‘ng mohiyatini anglagan qarorlar bo‘lganmi?
- To‘g‘ri ta’kidladingiz, futbolchi va murabbiy — mutlaqo ikki xil tushuncha. Men buni ancha oldin anglab yetganman. Futbolchiga, tabiiyki, biroz osonroq: u shartnoma imzolaydi, hammasi yaxshi, mashg‘ulotga keladi, ishlaydi, kuni o‘tadi va umuman olganda, hayoti joyida bo‘ladi.
Murabbiyning vazifalari esa mas’uliyati va hal qilishi kerak bo‘lgan masalalari ancha ko‘p. Afsuski, bu faqat futbol bilan cheklanib qolmaydi. Har kuni 24 soat davomida hal qilinishi kerak bo‘lgan turli masalalar bor. Biz doimo aloqadamiz, doimo vaziyatni nazorat qilib turishimiz, «barmog‘imizni tomirda ushlashimiz» kerak. Tabiiyki, murabbiyning muvaffaqiyati — bu natija.
O‘yin qanday bo‘lishidan, qanday taktika yoki sxema qo‘llanilishidan qat’i nazar, agar murabbiy jamoa va klubga natija olib kelsa, muxlislarni xursand qila olsa, demak, u to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilyapti. Shuning uchun bu mas’uliyat murabbiyga har kuni, har bir mashg‘ulotda, har bir o‘yinda bosim o‘tkazadi. Asabiylashmaslikning iloji yo‘q, chunki o‘z ishingiz uchun butun qalbingiz va joningiz bilan qayg‘urasiz.
Oxir-oqibat, hamma narsa natijaga borib taqaladi. Agar natija ko‘rsatayotgan bo‘lsangiz, hamma mamnun, hammasi yaxshi. Agar qayerdadir ozgina omadsizlikka uchrasangiz yoki nimadir o‘xshamay qolsa, tabiiyki, norozilik ham ortib boradi.
Lekin bizning kasbimizda eng yetishmaydigan narsa — bu vaqt. Vaqt nihoyatda kam. Chunki hamma natijani bugun, hatto kecha talab qiladi. O‘z g‘oyalaringizni, sxemalaringizni, ishlanmalaringizni, taktikangizni jamoaga singdirish va yo‘lga qo‘yish juda qiyin. Jamoa umumiy tushuncha va tizimga kelishi uchun tabiiyki, vaqt kerak. Buni hamma biladi. Ammo, afsuski, amaliyot ko‘rsatyaptiki, vaqt yetishmaydi. Murabbiylarning eng katta muammosi ham shu — vaqt yo‘q, afsuski, bu vaqtni hamma ham bermaydi.
Shu bois ba’zi vaziyatlarda ma’lum darajada improvizatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Lekin bizda bu borada muammo yo‘q. Hozirgi ishlayotgan jamoamiz haqida gapiradigan bo‘lsam, biz o‘z tizimimiz va taktikamizni shakllantirib olganmiz va shu yo‘nalishda bosqichma-bosqich harakat qilyapmiz.
Osiyoda, jamoamiz bilan ishlayotgan shu qisqa davr ichida taktika, jamoaviy harakatlar va psixologik tayyorgarlik borasida ancha yaxshi natijalarga erishdik. Albatta, bu oson bo‘lmadi, juda murakkab jarayon kechdi. Ammo hozirgi paytda qilgan ishlarimizdan ham, yigitlarning futbol maydonida ko‘rsatayotgan o‘yinidan ham mamnunmiz.
Shu qisqa vaqt ichida yarata olgan ishlarimiz bilan faxrlanamiz. Endi esa oxirgi kichik qadam, so‘nggi kuchni sarflash qoldi. Keling, yakuniy to‘g‘ri chiziqda nima bo‘lishini ko‘ramiz.
- «Paxtakor» bilan chempion bo‘lgansiz va O‘zbekiston futbolida jiddiy bosim ostida ishlash bo‘yicha katta tajribaga egasiz. Zamonaviy futbolda murabbiy uchun rahbariyat, futbolchilar va muxlislarning turli talablarini bir vaqtning o‘zida boshqara olish, bevosita natija qayd etish kabi muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaysizmi? Va o‘zingizda hali ham takomillashtirish zarur, deb hisoblaydigan jihat qaysi?
- Juda to‘g‘ri savol. Nega, masalan, Yevropada ancha yillardan buyon «murabbiy» degan tushunchadan voz kechib, ko‘proq «menedjer» atamasidan foydalanishga o‘tishgan? Chunki u yerda endi hamma faqat murabbiy emas, balki menedjer. Menedjer — bu jamoani mashg‘ulot qildirish bilan birga, boshqa ko‘plab parallel masalalar bilan ham bevosita shug‘ullanadigan inson.
Chunki bosh murabbiy, eng avvalo, mana shu jihatlarning barchasi uchun javob beradi. U doimo ommaviy axborot vositalari bilan, tabiiyki, birinchi navbatda muxlislar bilan, shuningdek, klub rahbariyati bilan aloqada bo‘lishi kerak. O‘zaro tushunishga erishishi, muloqot o‘rnatishi va nima qilayotganimizni birgalikda tushunishimiz uchun hamma bilan doimiy aloqada bo‘lishi zarur. Chunki men uchun jamoa, eng avvalo, oila. Biz bir yo‘nalishda harakat qilishimiz va bir-birimizni tushunishimiz kerak.
O‘z ustida ishlash esa inson uchun butun umr davom etadigan jarayon. Faoliyatingizda sizga kerak bo‘ladigan va keyinchalik ishingizda yordam beradigan barcha sifatlarni doimo takomillashtirib borish zarur. Umuman, hammasini.
Yana bir bor aytganimdek, juda to‘g‘ri savol. Baribir hamma narsa natijaga borib taqaladi. Natija birinchi o‘ringa chiqadi. Qanchalik chiroyli, kombinatsion futbol namoyish etmang yoki boshqa jihatlarni ko‘rsatmang, bu o‘yin kimgadir yoqishi mumkin. Ammo tablodagi salbiy natija qayd etilsa, menimcha, kamdan-kam odam bu holatga uzoq vaqt toqat qiladi, kutadi.
Baribir hamma narsa natijaga borib taqaladi. Natija bor — muxlislar mamnun, hamma narsa yaxshi. Jamoa g‘alaba qozonayotgan bo‘lsa — hammasi joyida. O‘yinning o‘zi esa aytaylik, ikkinchi darajali masalaga aylanadi.
Agar siz o‘zingiz qilishingiz kerak bo‘lgan ishni to‘g‘ri bajarishga harakat qilayotgan bo‘lsangiz va o‘z qarashlaringiz asosida to‘g‘ri ishlayotgan bo‘lsangiz, buning samarasi baribir keyinchalik, kelajakda sizdan kutilayotgan natijani beradi.
- Siz Kiyevning «Dinamo» klubi tarixining bir qismiga aylangansiz. Sizningcha, bugun «Dinamo»da klubning Yevropa futbolidagi avvalgi mavqeini qaytarish uchun yetarlicha kuchli futbolchilar bormi yoki umuman klub falsafasini o‘zgartirish kerakmi?
- Aytish qiyin, chunki men, tabiiyki, jamoa ichida emasman, voqealarning o‘sha joyida, maydonda emasman. Televizion tasvir esa ko‘rish, eshitish va boshqa jihatlar bo‘yicha istaganingizdek to‘liq manzarani bera olmaydi.
Lekin bir narsani ham tushunish kerak: hozir mamlakatda urush ketmoqda. Shuning uchun bugungi voqelikda, rostini aytganda, mamlakatda chempionat o‘tkazilayotgani va futbol o‘yinlari davom etayotganining o‘zi ham yaxshi holat.
Shu boisdan menimcha, o‘sha paytlarda bo‘lgan daraja — tarix bilan yashab qolmaslik kerak — 10–15 yil oldingi daraja edi. Hozirgi bosqichda Yevropa miqyosidagi qandaydir maqsadlar haqida gapirish juda qiyin.
Ammo muayyan vazifalarni, yana Yevropa darajasidagi ma’lum maqsadlarni amalga oshirish uchun ishlash va nimagadir erishish mumkin, deb o‘ylayman. Jamoada yaxshi futbolchilar bor, salohiyatli yigitlar bor, aqlli va tushunchali futbolchilar yetarli.
Menimcha, to‘g‘ri yondashuv va yaxshi tashkil etilgan ish jarayoni orqali ma’lum vazifalarni hal qilish mumkin. Albatta, Chempionlar ligasida g‘olib chiqish kabi global maqsadlar emas, balki klub rahbariyati jamoa oldiga qo‘yayotgan muayyan, yuqori darajadagi vazifalarni bajarish va belgilangan maqsadlarga erishish mumkin.
Klub falsafasi, tushunyapsizmi, bu xuddi pasportga o‘xshaydi. «Real»ning o‘z falsafasi bor, «Barselona»ning o‘z falsafasi bor. O‘n yillab, bilmadim, «Atletik»ni oling, «Bavariya»ni oling — katta nom, katta an’ana va boy tarixga ega har qanday jamoani oling, uning allaqachon shakllangan o‘z falsafasi bo‘ladi. Bu xuddi pasport kabi. Shu bois u yerda nimanidir tubdan o‘zgartirish shart emas. Faqat shu falsafaga mos ravishda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni amalga oshirish lozim.
U yerdagi falsafa juda kuchli. Ishonsangiz, men buni yaxshi bilaman, chunki o‘sha klubda o‘n yil bo‘lganman. Menimcha, hech narsani o‘zgartirish shart emas. Faqat ayrim jihatlarga ozgina qo‘shimcha kiritish kerak, xolos. Shunda natija, albatta, paydo bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Yevrokuboklar va Chempionlar ligasida o‘tkazgan barcha o‘yinlaringiz orasida qaysi uchrashuvni hanuzgacha alohida zavq bilan eslaysiz?
- Rostini aytsam, buni aytish qiyin, chunki juda ko‘p o‘yinlar bo‘lgan — yaxshi, qiziqarli uchrashuvlar, chiroyli gollar ham ko‘p urilgan.
Lekin, ehtimol, eng to‘g‘risi va adolatlisi shu bo‘ladi: Kiyevning «Dinamo»siga kelganimdan keyin Chempionlar ligasidagi haqiqiy birinchi katta o‘yinimni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Guruh bosqichidagi birinchi uchrashuvimiz «Bayer» (Leverkuzen)ga qarshi bo‘lgan va biz ularni 4:2 hisobida mag‘lub etganmiz. O‘sha o‘yinda birinchi golni men urganman. Hozir ham o‘sha gol ko‘z o‘ngimda turganday, juda yaxshi eslayman. Shuning uchun ehtimol, eng to‘g‘ri va adolatli javob shu bo‘ladi.
Umuman olganda esa faoliyatim davomida yaxshi o‘yinlar juda ko‘p bo‘lgan. Dramatik uchrashuvlar ham, chiroyli gollar ham yetarlicha. Ammo, menimcha, aynan shu o‘yinni alohida ajratib ko‘rsatish adolatli bo‘ladi.
Ayniqsa, «Olimpiyskiy»da to‘la tribunalar qarshisidagi birinchi o‘yinim edi. Men uchun bu juda katta voqea bo‘lgan.
- Uyingizda mashhur futbolchilarning qaysi futbolkalari saqlanadi? Umuman, o‘yinlardan keyin futbolka almashganmisiz? O‘sha futbolkalarni hali ham saqlab kelyapsizmi?
- Albatta, deyarli har bir o‘yindan keyin futbolkalarimizni almashtirganmiz. Lekin, odatda, men futbolka almashtirish uchun birovning ortidan yugurib yuradigan odam emasman. Ko‘p marta mendan kim bilandir futbolka almashtirishimni so‘rashgan. Balki kimlar bilandir almashtirgandirman, lekin umuman olganda, men futbolka ortidan yugurib yuradigan, almashtirishga intiluvchan inson emasman. Shuning uchun mendagi futbolkalarning aksariyati o‘yinning yakuniy hushtagi chalingan paytda raqib bo‘lgan himoyachilar yoki tayanch yarim himoyachilarnikidir.
Bir voqea esimda. «Manchester Yunayted» bilan uyda o‘ynaganmiz va 0:0 hisobida durang qayd etilgan. O‘sha paytda administrator barchamizning futbolkalarimizni yig‘ib oldi va «Manchester» futbolchilari bilan almashtirib chiqdi. Keyin hamma futbolkalar qaytarildi, faqat menikini «Manchester»dan Roy Kin o‘z futbolkasiga almashtirgan ekan. Bu raqam bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababi bormi — bilmayman.
Xullas, futbolka almashtirgan yagona mashhur futbolchim — Roy Kin. Uning futbolkasi hali ham menda bor. Umuman, kimlar bilandir almashtirgan bo‘lsam, barchasi mening kolleksiyamda saqlanadi.
Hatto, nazarimda, Devid Bekhemning futbolkasi ham bor edi, lekin aniq eslay olmayapman. Rostini aytsam, yolg‘on gapirib qo‘yishni istamayman.
Umuman olganda, mendagi futbolkalarning aksariyati himoyachilar yoki himoyaviy plandagi futbolchilarniki. Chunki ular bilan maydonda ko‘proq bir-biriga qarshi o‘ynaymiz. Deyarli har bir o‘yindan keyin tabiiyki, futbolka almashtirganmiz. Hozir ularning barchasi mening kolleksiyamda saqlanadi.
- «Osiyo Talas» klubida oldingizga qo‘yilgan asosiy vazifa qanday?
- Osiyoda oldimizga qo‘yilgan vazifa, tabiiyki, maksimal darajada. Yangi loyiha ham meni shu jihati bilan qiziqtirdi. Avvalo, jamoa noldan tuzildi, mutlaqo yangi jamoa shakllantirildi. O‘z bilimlarimizni, imkoniyatlarimizni sinab ko‘rish qiziq edi: bu jarayon qanday kechadi, nimalarga erisha olamiz?
Biz amalda noldan yangi jamoa yaratdik. Buning uchun juda katta hajmda ish olib bordik. Qancha kuch, energiya va boshqa resurslar sarflanganini hatto so‘z bilan ifodalash qiyin. Albatta, moliyaviy mablag‘lar ham sarflandi.
Tabiiyki, oldimizga juda yuqori vazifalar qo‘yildi. Bu vazifalar hali ham o‘z kuchida. Hozir esa mavsumning yakuniy qismiga kirdik — atigi bir oy, olti tur qoldi. Qolgan olti turning har biridan maksimal darajada foydalanishga harakat qilamiz. Qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz, yakunda esa qayerda ekanimizni, nimalarga erishganimizni ko‘ramiz.
Shundan so‘ng, tabiiyki, butun yilni tahlil qilamiz: nimani qildik, qanday qildik, qaysi ishlar to‘g‘ri bo‘ldi, qaysi jihatlarda xatolarga yo‘l qo‘ydik.
Umuman, har bir harakatimizni tahlil qilishga harakat qilamiz. Toki mavsum davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni keyinchalik takrorlamaslik uchun. Vazifalarimiz yuqori va mening fikrimcha, umuman vazifasiz murabbiyga ishlashning ma’nosi yo‘q. Doimo vazifalar, maqsadlar bo‘lishi kerak. Faqat shu tarzda oldinga harakat qilish mumkin — sportda ham, hayotda ham.
- Faoliyatingiz davomida Kiyevning «Dinamo», «Rotor», «Paxtakor» va «Andijon» kabi klublarda ishlagansiz. Ushbu klublarning har biridagi faoliyatingiz va orttirgan tajribangizni umumiy qilib qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Ha, qayerdadir yordamchi murabbiy bo‘lganman, qayerdadir bosh murabbiy sifatida ishlaganman. Umuman olganda, faoliyatimni shunday baholagan bo‘lardim: eng muhimi, biz o‘z majburiyatlarimizni, o‘z ishimizni halol va adolatli tarzda bajarishga harakat qildik. Yaxshilashimiz kerak bo‘lgan jihatlarni rivojlantirishga, to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilishga intildik.
Qayerdadir ishlar unchalik yaxshi chiqmadi, qayerdadir esa yaxshi natija berdi — hammasi bo‘lgan. Bu murabbiylik kasbidagi oddiy, tabiiy va ish jarayonining bir qismi. Shu sababli bunday holatlar murabbiy uchun normal.
Baribir hamma narsa ixtiyoringizda bo‘lgan futbolchilarga bog‘liq. Faoliyatimning hech bir davridan, qayerda va qanday ishlaganimdan bir gramm ham afsuslanmayman. Menimcha, eng muhimi — biz o‘zimiz oldida halol bo‘ldik va zarur, to‘g‘ri deb hisoblagan ishlarimizni bajarishga harakat qildik.
Aytib o‘tganimdek, har bir klubda turli maqsad va vazifalar bor edi. Biz, umuman olganda, ularni bajara oldik. Shuning uchun bugungi kungacha qilgan ishlarimizdan to‘liq mamnunman. Rostini aytganda, murabbiy sifatida o‘z burchimizni halol bajardik, deb hisoblayman.
Shu bilan birga, baribir hamma narsa birinchi o‘rinda natijaga borib taqaladi. Shu sababdan intilishimiz kerak bo‘lgan eng muhim va asosiy narsa — har bir o‘yindan keyin tablodagi aks etadigan natija.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi