Olmaliqning OKMK klubi yozgi seleksiyada tarkibiga yangi qo'shib olgan futbolchilar orasida xorvatiyalik legioner Ivan Pesich ham bor. 1992 yilning 6 aprel sanasida tavallud topgan futbolchi qanot yarim himoyachisi sanaladi. U faoliyati davomida Yevropani ko'plab klublarida o'ynagan. Bungacha Ruminiya birinchiligida faoliyat ko'rsatib kelgan.
Ism-familiyasi orqali xorvatiyalik yulduz Ivan Perishich bilan o'xshashib ketadigan Ivan Pesich yurtimizga kelgach ilk intervyusini Tribuna.uz nashriga berdi.
- Ivan Pesich va Ivan Perishich. Sizlar albatta qarindosh emassizlar. Aytishingiz mumkinki, jurnalistlar sizga familiyangiz o'xshashligi sababli shu kabi savollar bilan murojaat qilib turishadimi?
- Biz qarindoshlar emasmiz. Ammo gapingiz rost, hamkasb futbolchilar bu mavzuda men bilan ko'p hazillashib turishadi. Lekin o'rtamizda hech qanday qarindoshlik aloqasi yo'q.
- Hayotda Ivan Perishich bilan qachondir ko'rishganmisiz?
- Ko'rishganmiz. Ammo gaplashmaganman va bir joyda o'tirmaganmiz ham. U ko'pincha chet elda o'ynaydi. Men ham 9 yildan beri Xorvatiyadan tashqarida to'p tepayapman. Shunday ekan, o'zaro ko'rishib, gaplashishimiz uchun imkoniyatimiz juda ham kam.
- O'zbekistonga kelguningizga qadar o'zbek futboli va OKMK haqida nimalarni bilardingiz?
- OKMKni albatta bilardim. Axir O'zbekistonda shu klub uchun o'ynagan hamyurtlarim bor. Oxirgi ikki yil davomida jamoa yaxshi natijalar qayd etyapti. 2- va 3-o'rinlarni egallab keladi. Shuningdek, Kubokni ham yutgan. Bu klub haqida bilganlarim.
- OKMK uchun 4 ta uchrashuvda maydonga tushdingiz va 2 ta golga assist bo'ldingiz. Bundan chiqdi, o'zbeklarning "Pesich"i o'zi gol urgandan ko'ra, sheriklarini ko'proq samarali to'p oshirishlari bilan xursand qilyaptimi?
- Hozircha ikkita samarali to'p oshirish bor. Boshlanishiga yomon emas. Ishonchim komilki, gollar ham bo'ladi va jamoaga foyda keltiradi.
- OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o'zbek futbolining tirik afsonasi hisoblanadi. O'zbekistonga kelguningizga qadar u haqida nimanidir eshitganmisiz?
- Ha, buni bilardim. Klub direktori menga uning O'zbekistondagi maqomi to'g'risida gapirib berdi. U futbolchilik faoliyati bilan bunday maqomga munosib ekanligini isbotlay olgan shaxs.
- O'zbekcha hayot tarzi va mentalitetiga ko'nikma hosil qilishingiz qanday kechmoqda?
- Ko'nikma hosil qilish deyarli o'tib bo'ldi. Menga buning ko'p vaqt kerak bo'lmaydi. Sababi, anchadan beri xorijda o'ynab kelayapman va turli o'zgarishlarga o'rganib ketganman. Shuningdek, qo'shni Qozog'istonda ham to'p surdim. Shu bois bu yerda meni nima kutib turganini deyarli bilardim.
- Chempionatimizning darajasini qanday baholaysiz? Bu yerga kelguningizcha birinchiligimiz haqidagi tasavvuringiz qay darajada bo'lgan?
- Menga infratuzilma yoqadi. Asosiysi, maydonlar tabiiy. Chempionat darajasi ham yaxshi. O'yinlar ochiq va hujumkor futbol asosida kechadi. Gollar ko'p kiritiladi. O'zbeklar orasida esa yosh, iqtidoregalari talaygina.
- Bu yerga yolg'iz o'zingiz keldingizmi yoki oilangiz ham siz bilan birgami?
- Hozircha bu yerda bir o'zimman. Ehtimol, sentyabrga borib oilamni bu yerga olib kelsam kerak. Toshkent juda chiroyli shahar. Men hali bu yerda ko'p narsani ko'rishga ulgurmaganim ham yo'q. O'ylaymanki, oilamdakilarga ham shahar juda yoqadi, bu aniq!
Ivan Pesich: "OKMKni albatta bilardim"
Eksklyuziv
11 avgust, 14:10
Pesich yurtimizga kelgach ilk intervyusini Tribuna.uz nashriga berdi.
Фото: ОКМК