Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino jahon chempionatining tijoriy huquqlarini boshqarish uchun yangi tuzilma yaratish tashabbusi muhokama bosqichida ekanini ma’lum qildi. Loyiha faqat jahon futbol assotsiatsiyalari tomonidan ma’qullangan taqdirdagina hayotga tatbiq etiladi.
«Taklifimiz 211 a’zo assotsiatsiyamizning aksariyati va FIFA Kengashi tomonidan ma’qullansa va faqat shundagina, tijoriy faoliyat hamda tadbirlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadigan, FIFAga tegishli va uning nazoratidagi korxona tashkil etiladi. Hozirda biz muzokaralar jarayonini boshlash bosqichidamiz. Bu – demokratik jarayonning bir qismi va hozircha shunchaki loyiha, hech qanday majburiyat emas.
Bu qiymatni yuzaga chiqarish uchun sportni boshqarish va rivojlantirishdan tashqari qo‘shimcha bilim va tajriba talab etiladi. Bu butun dunyoda futbol rivojini jadallashtirish uchun ajoyib imkoniyatdir. FIFA turnirlarining yuragi va qalbi bo‘lgan muxlislarga kelsak, ular uchun hech narsa o‘zgarmaydi. Muxlislar ajoyib o‘yinning poydevori bo‘lib qoladi va ular tomosha qiladigan hamda yaxshi ko‘radigan sport o‘zgarmaydi. Shubhasiz, FIFA hech qanday tashqi aralashuvsiz futbolni boshqarishda davom etmoqda», - deya Infantino so‘zlarini keltiradi FIFA matbuot xizmati.
Avvalroq «The Times gazetasi FIFA prezidenti FIFA Forward Enterprise (FFE) kompaniyasidagi ulushini sotish niyatida ekanligi haqida ma’lumot e’lon qilgan edi. Nashrning yozishicha, yangi tuzilma tashkilotning tijorat faoliyati va musobaqalarni o‘tkazishni birlashtirishi kerak edi. O‘z navbatida, «New York Post» nashri tashabbusning funksionerlar noroziligi, boykot tahdidi va federatsiya rahbariyati ichidagi kelishmovchiliklar tufayli bekor qilingani haqida xabar berdi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi