Proliga 7-turi doirasida QMU «Jayhun» - «Metallurg» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
«Raqibni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun «Jayhun» g‘alabaga haqli o‘yin namoyish etdi. Bizning o‘yinimiz esa chiqmadi. 11 metrlik zarbani ham golga aylantira olmadik. Jamoamiz tajribali futbolchilardan iborat, urilmagan penalti qattiq ta’sir qildi shekilli, ruhan bo‘shashib qoldik. Keyin xatolarga yo‘l qo‘ydik, aynan ular sababli gol o‘tkazib yubordik.
Futbolni aldab bo‘lmaydi. Raqibda xohish juda yuqori darajada edi. Shu sababli maydonni yoki boshqa birorta faktorni bahona qilmoqchi emasman.
PRO-Ligada mana shunday bahslarni yutib Superligaga chiqish kerak. Vaziyatlar bo‘ldi, lekin to‘p darvozaga kirishni xohlamadi. Bugun bizning kun emas ekan.
Uyga qaytgach, o‘yinni yaxshilab tahlil qilamiz. Oldinda bizni kubok bahslari kutib turibdi», — deya Mo‘minjonovning so’zlaridan keltiradi «Metallurg» matbuot xizmati.