«Marsel» yarimhimoyachisi Meyson Grinvud jamoaning joriy mavsumdagi maqsadlari va o‘zining hozirgi formasi haqida fikr bildirdi.
«Murabbiy va jamoadoshlarim tufayli juda yaxshi formadaman. O‘zimni zo‘r his qilyapman va bu mavsumda o‘yinimni yanada yaxshilab, ko‘proq sovrin yutmoqchiman. Roberto De Zerbi? U jamoaning miyasi, o‘yinimiz me’mori. Roberto har kuni futbolni yanada chuqurroq tushunishimga va o‘sishimga yordam beradi», — dedi Grinvud Footmercato’ga.
Unga ko‘ra, «Marsel» yozda kuchli transferlar amalga oshirgan va bu jamoaning bir qator jihatlarda sezilarli rivojlanishiga yordam bergan.
«Biz ko‘plab kuchli futbolchilarni olib keldik. Bu mavsum «Marsel» yanada jipslashgan, barchamiz bir to‘lqinda ekanimiz ko‘rinib turibdi. Hozir ikkinchi o‘rindamiz va birinchi o‘rin uchun kurashni davom ettira olishimizga umid qilaman», — deya qo’shimcha qildi u.
Fransiya chempionatida 14-turdan so‘ng «Marsel» 29 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Bir ochko ko‘p jamg‘argan «PSJ» turnir jadvaliga boshchilik qilmoqda.