Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) jamg‘armasi Venesuelada yuz bergan kuchli zilziladan jabrlangan hududlarga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 1 million dollar ajratadi. Bu haqda Ole nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ajratilgan mablag‘ favqulodda vaziyatlarga javob berish xizmatlari imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, mahalliy tashkilotlarga vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash ishlarini boshlashda yordam berishga yo‘naltiriladi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus FIFA jamg‘armasining tabiiy ofatlar va texnogen halokatlardan jabrlangan hududlarni tezkor qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
FIFA prezidenti Janni Infantino bu borada shunday dedi:
«Venesuela xalqi ushbu og‘ir kunlarda jahon futbol oilasining to‘liq hamjihatligiga ishonishi mumkin. Futbol, ayniqsa inqiroz davrida, insonlarni birlashtirish va umid bag‘ishlash xususiyatiga ega. Tashkilot jamg‘armasi orqali Venesuela xalqiga, shuningdek, eng muhtoj insonlarga tezkor yordam yetkazish uchun tinimsiz mehnat qilayotgan gumanitar tashkilotlar va mahalliy hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega ekanimizdan faxrlanamiz», — dedi Infantino.