Live
23
O'zbek

FIFA JCh-2026 chiptalari uchun ariza qabul qilishni boshladi: O‘zbekiston ishtirokidagi o‘yinlar uchun chiptalar narxi ma'lum

Futbol
11 dekabr, 15:45
O‘zbekiston - Portugaliya o‘yini uchun chiptalar nisbatan qimmatroq narxda sotiladi.
FIFA JCh-2026 chiptalari uchun ariza qabul qilishni boshladi: O‘zbekiston ishtirokidagi o‘yinlar uchun chiptalar narxi ma'lum
X.com

O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2026 guruh bosqich o‘yinlari uchun chiqariladigan chiptalar narxi ma'lum qilindi.

FIFA 11 dekabrdan boshlab jahon chempionati o‘yin chiptalari egalari aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan tasodifiy tanlov bosqichi uchun ariza qabul qilishni boshladi. O‘zbekiston milliy jamoasi muxlislari ham tashkilot rasmiy saytiga kirib, ariza berish jarayonida «My team Uzbekistan» bandini tanlab, O‘zbekiston uchun ajratilgan sektorlar bo‘yicha chipta uchun so‘rov yuborishlari talab etiladi.

Qayd etish joiz, chipta egalari kelasi yil fevral oyida FIFA tomonidan o‘tkaziladigan tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi va to‘lovlar arizada ko‘rsatilgan karta ma'lumotlari asosida avtomatik amalga oshiriladi. Arizalar bugun, 12 dekabrdan 2026 yilning 13 yanvar kuniga qadar FIFA rasmiy saytidagi maxsus bo‘lim orqali amalga oshiriladi.

JCh-2026 1-turi doirasida O‘zbekiston – Kolumbiya o‘yini uchun e'lon qilingan chiptalar narxi toifasiga qarab, 220dan 600 dollargacha narxlangan. Bu bahs 17 iyun kuni Meksikada 83 ming tomoshabin sig‘imiga ega Mexiko Sitidagi arenada bo‘lib o‘tadi.

Barchaning diqqat markazida bo‘ladigan O‘zbekiston – Portugaliya o‘rtasidagi bahs uchun chiqarilgan chiptalar narxi esa 265dan 700 dollargacha belgilangan. Bu o‘yin 23 iyun kuni AQShning Xyuston shahridagi 72 ming sig‘imiga ega stadionda bo‘lib o‘tadi.

Guruhdagi 3-tur o‘yini doirasidagi O‘zbekiston hamda saralash bosqich pley-off g‘olibi (Yangi Kaledoniya / Yamayka/ Kongo) o‘rtasidagi bahs uchun chipta narxi esa nisbatan arzon – 140dan boshlanib 450 dollargacha. 27 iyun kungi bu o‘yin AQShning Atlanta shahridagi 75 ming tomoshabin sig‘imiga ega arenada bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat elchixonalari 2026 yildagi futbol bo‘yicha jahon chempionati chiptalarini sotib olganlarga viza uchun suhbat belgilashda ustuvorlik berishini ma'lum qilgandi.

Ko‘p o‘tmay, AQSh davlat kotibi Marko Rubio chipta egalari vizaga ariza berganidan keyin 6-8 hafta ichida suhbatga kirishi mumkin bo‘lishini tasdiqlab, ammo chipta sotib olish – AQShga viza olish kafolatini bermasligini aytib o‘tgan edi.

Ma'lumot uchun, JCh-2026 11 iyundan 19 iyul kuniga qadar AQSh, Kanada va Meksikadagi jami 16ta stadionda o‘tkaziladi. Turnirda ilk bor 48 jamoa, shu jumladan O‘zbekiston milliy jamoasi ham qatnashadi.

Bugungi yangiliklar