«An-Nasr» hujumchisi Joau Feliks Yevropa futboliga qaytish istagi borligini tan oldi.
«Yevropaga qaytishni orzu qilaman. Bu joriy yildami, kelasi yildami yoki ikki yildan keyinmi — bilmayman. Ammo Yevropaga qaytish va Yevropa futbolidan yana-da ko‘proq zavq olish istagim bor.
Ispaniya, Italiya, Angliya, Fransiya yoki Germaniyaning yirik klublaridan biriga o‘tishni xohlayman. Avval ham katta jamoalarda o‘ynaganman va faoliyatimni shu yo‘nalishda davom ettirmoqchiman.
Kimdir menga qiziqish bildirishini ko‘ramiz, shundan so‘ng eng yaxshi qarorni qabul qilamiz. Ammo hozir bor e’tiborimni «An-Nasr»ga ko‘proq sovrinlarni qo‘lga kiritishda yordam berishga qaratganman.
Aprel-may oylaridan keyin, shartnomam yakunlanishiga yaqinroq, vaziyatni batafsil ko‘rib chiqamiz. Qanday takliflar borligi, nimalarni amalga oshirish mumkinligi, qayerga borish yoki jamoada qolish imkoniyatlarini muhokama qilamiz. Hozir bu mavzuni ko‘tarishni istamayman, bu haqda bir necha oydan keyin o‘ylaymiz», — deya Feliksning so‘zlarini keltirmoqda Portugaliyaning Record nashri.
Eslatib o‘tamiz, Joau 2025-yil iyul oyida «Chelsi»dan 30 million yevro evaziga «An-Nasr» safiga o‘tgan edi.