Superliganing 13-turida gollarga boy o'tgan o'yinlardan biri Toshkentda bo'lib o'tdi. "Lokomotiv" - "Andijon" o'rtasidagi qiziqarli uchrashuvda darvozalarga jami 6 ta gol urildi. Har ikkala jamoa 3 tadan to'p kiritdi.
Etiborli, maydon egalari 2:0 hisobida oldinda borayotib, yakunda ushbu ustunligini yo'q qildi.
Ikkinchi bo'lim boshida "Andijon" tarkibida Dragan Cheran zaxiradan maydonga tushganidan so'ng "Burgutlar"ning o'yini, hujumlari yanada shidatli tus ola boshladi. Cheranning o'zi ham raqib darvozasini ishg'ol qilishga muvaffaq bo'ldi.
Dragan 39 yoshida ham raqiblar uchun hamon xavfli futbolchiligini ko'rsatmoqda. U "Andijon" safidagi uchinchi golini kiritdi va jamoasini mag'lubiyatdan saqlab qolishda munosib hissasini qo'shdi. O'yindan keyin futbolchi bellashuv borasidagi savollarga javob qaytardi.
- Dragan, avvalo "Andijon"ning "Lokomotiv"ga qarshi o'yinidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- Juda yaxshi, ochiq va gollarga boy o'yin bo'ldi. O'ylaymanki, bahsni tomosha qilish ishqibozlarga ham yoqqan bo'lsa kerak.
- Rostini ayting, kimdir o'yin oldidan hisob 3:3 bo'lib tugaydi, deydigan bo'lsa, bunga ishonarmidingiz?
- O'yin oldidan hisob qanday bo'lishini umuman o'ylamaysan. Shunchaki, bor kuchini ishga solib, jamoa uchun maksimal darajada harakat qilishga va, albatta, ijobiy natijaga erishishga harakat qilasan.
- Nima deb o'ylaysiz, 3:3 hisob o'yinga mantiqiy yakun bo'ldimi?
- O'ylaymanki, ikkala klub g'alaba qozonishga haqli edi. Ko'rsatgan o'yini bilan mag'lub bo'lishga ham haqqi yo'q edi. Shunday ekan, yakuniy hisob haqqoniy natija.
- Keyingi turda "Andijon" o'z maydonida "Buxoro"ni qabul qiladi. Tabiiyki, "Buxoro" murabbiylar shtabi "Lokomotiv"ga qarshi o'yinni tribuna kuzatishdi. Bo'lajak bellashuv oldidan nima degan bo'lar edingiz?
- Biz o'z maydonimizda, o'z muxlislarimiz qarshisida o'ynaymiz. Shu bois munosib va mazmunli o'yin ko'rsatishimiz kerak. Umid qilamanki, g'alaba qozonamiz.
- Jamoa 2:0 hisobida yutqazayotib haqiqiy xarakterini ko'rsata oldi va keyinchalik raqib 3:2 hisobida oldinda borayotganda ham jamoa tushkunlikka tushmadi, kurashishda davom etdi. Oxir-oqibat hisobni tenglashtirishga erishdi. Jamoaning bunday xarakter ko'rsatishining siri nimada?
- Har bir jamoada xarakter bor. Ammo asosiy masala butunlay boshqa joyda. Klub kerakli pallada xarakterini ko'rsata oladimi yo yo'qmi, shunisi muhim. Bu uchrashuvda o'z xarakterimizni namoyish etdik, oxirigacha kurashdik va harakatlarimiz zoye ketmadi.
Dragan Cheran: "O'ylaymanki, o'yin muxlislarga ham yoqqan bo'lsa kerak"
Eksklyuziv
24 iyul, 11:57
Serbiyalik forvard "Lokomotiv"ga qarshi bahsdan so'ng Tribuna.uz muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
Фото: Tribuna.uz