«Rosario Sentral» futbolchisi Anxel di Mariya yaqin orada professional faoliyatini yakunlashi mumkinligini aytdi. 37 yoshli argentinalik vinger bu haqida jamoasi Libertadores kubogidan chiqib ketganidan so'ng ma'lum qildi.
«Rosario Sentral» turnir 1/8 finalining javob uchrashuvida «Korintians»ga mag'lub bo'ldi. Birinchi o'yindagi durangdan so'ng argentinaliklarning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati yaxshi edi. Ayniqsa, raqib futbolchisi chetlatilganidan keyin imkoniyat yanada oshgandi. Lekin «Rosario Sentral» 80-daqiqada gol o'tkazib yubordi va musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Uchrashuvdan so'ng Di Mariya endi faoliyatini davom ettirish borasidagi rejalarini qayta ko'rib chiqishi mumkinligini tan oldi.
«Hozir qiyin davr, chunki mening orzum faoliyatimni davom ettirish edi. Biroq bu futbol. Endi men o'ylab, keyin nima qilishni xohlayotganimni hal qilishim kerak.
Bizda ko'plab imkoniyatlar bo'ldi, ammo bu biz o'tkazishni xohlagan o'yin emasdi. Ko'p qiyinchiliklarga duch keldik va o'z imkoniyatlarimizni golga aylantira olmadik.
Ba'zida hamma narsa xohlaganingizdek bo'lmaydi. Hozir biz bilan ham huddi shunday bo'ldi», — dedi Anxel.
Ma'lumot o'rnida, 2024 yilda argentinalik futbolchi milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlagan. Avvalroq «Rosario Sentral» Argentina chempioni bo'lgani ma'lum qilingandi.