Superliga 18-turining so'nggi o'yinida "Paxtakor" "Surxon"ni qabul qilib, alamli tarzda ochko yo'qotdi. Toshkentliklarning 90+3-daqiqada Xojimat Erkinov tomonidan kiritgan goli VARda uzoq tekshirilib, bosh hakam Jasur Muxtorov o'yindan tashqari holat sabab golni bekor qildi.
Uchrashuvning so'nggi soniyalarida bekor qilingan gol "Paxtakor" futbolchilari va murabbiylar shtabining keskin noroziligiga sabab bo'ldi. Shuningdek, klub matbuot xizmati ham rasmiy kanal orqali hakamlik bo'yicha keskin norozilik bildirib, jiddiy tanqid qildi.
Jumladan, gol vaziyatida chiziq tortilib, o'yindan tashqari holati aniqlangach, Muxtorov gol bekor qilinganini ma'lum qildi va ko'p o'tmay uchrashuv yakunlandi – 0:0. "Paxtakor" rasmiy sahifasi hakamlarni keskin tanqid qildi:
"90+4' Nimani eshityapti hakam, nimani?!
ODAM BO'LMAYDI BULAR!
5 yilga chetlatilib qaytgan hakamdan nimanai kutish mumkin?
O'zbek futboliga yangi qon kerak! O'yin tugadi.
Chizgani lineyenga senlarni! O'zbek futbolini tozalab bering hurmatli Bahodir Qurbonov?

O'ZFHM va O'FA – qani bu yerda ofsayd? Uyalaring!
Jasur Muxtorov burgut ko'zmi? VARni 30 metrdan ko'ra oladigan, janob Saidqosimov? Oqlab berish bo'yicha kengash tuzyapsizmi VARdagilar bilan?
Janob Abduvohidov, Siz qaysi kameradan ayb topdingiz?

Jasur Muxtorov qing'ir ishlari uchun 5 yil futboldan chetlatilib. Vaqt tez o'tdi va u yana bir pasda Superligani muntazam boshqaruvchi hakamiga aylandi qo'ydi", - deyiladi klub rasmiy sahifasida.
Ma'lumot uchun, uchrashuvni Jasur Muxtorov bosh hakam sifatida boshqargan bo'lsa, Ravshan Abduvohidov VAR hakami sifatida faoliyat yuritdi.
Eslatib o'tamiz, Muxtorov 2019 yildagi qo'pol xatolari uchun futboldan bir necha yilga chetlatilgan va 2026 yildan boshlab hakamlik faoliyatiga qaytgandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi