«Chelsi» sun’iy intellekt texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi IFS kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Kelishuv 2028 yilgacha amal qiladi, biroq kompaniya 2025/2026 mavsumi oxirigacha titul homiy sifatida maykada joy oladi. IFS logotipi erkaklar va ayollar jamoasi libosida yaqin kunlardanoq paydo bo‘ladi.
Klub prezidenti Jeyson Gannon bu hamkorlikni ilg‘or texnologiyalar yordamida maydonda va undan tashqarida faoliyatni yaxshilash yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.
Ma’lumki, «Chelsi» 2025/2026 mavsumida APLda titul homiysiz qolgan yagona klub edi. 2023 yilda telekommunikatsiya kompaniyasi Three bilan shartnoma sobiq egasi Roman Abramovichga nisbatan sanksiyalar sabab bekor qilingandi. Shundan so‘ng mayka old qismida Infinite Athlete va Damac logotiplari joy olgan.
BBC Sport ma’lumotiga ko‘ra, klub kelgusidagi uzoq muddatli titul homiysidan mavsumiga taxminan 65 million funt (74 million yevro) daromad olishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, 21 fevral kuni «Chelsi» APL 27-turida o‘z maydonida «Byornli»ni qabul qiladi. Liam Rosenior shogirdlari 44 ochko bilan jadvalda beshinchi o‘rinda bormoqda.